Olot: Bahromovlar oilasi ham tomorqadan, ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan daromad topmoqda
2026-02-11 20:15:00 / Yangiliklar

Boboxon Bahromov oʻz xonadonida tinimsiz mehnat va izlanishlar orqali koʻp tarmoqli tadbirkorlikni yoʻlga qoʻygan. Xonadonda 2 sotix maydonda tashkil etilgan issiqxonada 25 tup limon parvarishlanmoqda. 16 million soʻm imtiyozli kredit evaziga barpo etilgan ushbu issiqxonadagi limonlar ayni paytda gullab, hosilga kirish arafasida turibdi. Bu esa kelgusida oilaga barqaror daromad manbai boʻlishi shubhasiz.
Bundan tashqari, 8 sotix maydonda tashkil etilgan hovuzda zogʻora, doʻngpeshona, laqqa kabi baliq turlari parvarishlanmoqda. Yiliga 2 tonnadan ortiq baliq goʻshti yetishtirilmoqda. Baliqchilik yoʻnalishidan oʻrtacha 40–50 million soʻm daromad olinayotgani esa mazkur faoliyatning samaradorligini yaqqol koʻrsatadi.
Xonadon hovlisida 2 ming tupdan ortiq mevali daraxtlar – olma, nok, xurmo, yongʻoq, shaftoli, anjir va boshqa turdagi koʻchatlar parvarishlanadi. Ushbu bogʻ yiliga 20 million soʻmdan ortiq daromad keltirmoqda. Uzumchilik yoʻnalishida esa huseyni, qora kishmish, kelinbarmoq, qoragoʻzal, toyfi kabi navlardan 10–15 million soʻm atrofida foyda olinadi.
Boboxon Bahromov taʼkidlashicha, tomorqada yetishtirish imkoni boʻlgan birorta ham mahsulotni bozordan sotib olmaydi. Qoʻshimchasiga, pomidor, kartoshka va sabzini koʻp miqdorda yetishtirib, isteʼmoldan ortiqchasini ichki bozorga yetkazib berish orqali yaxshigina daromad olishni ham uddalamoqda.
Shuningdek, xonadonda 100 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi asosida quyosh panellari oʻrnatilgan. Bu nafaqat elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish, balki qoʻshimcha daromad olish imkonini ham bermoqda.
Umuman olganda, Bahromovlar xonadonida issiqxona xoʻjaligi, baliqchilik, bogʻdorchilik, uzumchilik hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi yoʻnalishlar uygʻunlashgan holda yoʻlga qoʻyilgan. Eng muhimi, bu mehnat ortidan nafaqat oilaning farovonligi taʼminlanmoqda, balki mahalladoshlar uchun ham ibrat maktabi yaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
