Peshku: Gʻulom Rizoyev limondan yiliga 60-70 million daromad topmoqda
2026-02-11 16:55:00 / Yangiliklar

“Bogʻimuso” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Gʻulom Rizoyev ana shunday tashabbuskor yurtdoshlarimizdan biri. U oʻz xonadonida 6 sotix maydonda limonariya tashkil etib, issiqxona sharoitida gibrid limon koʻchatlarini parvarishlashni yoʻlga qoʻygan. Zamonaviy agrotexnik talablar asosida olib borilayotgan ushbu faoliyat natijasida 3 tonna sifatli limon hosili olinmoqda. Tomorqachi oʻtgan yilda 70 million soʻmlik daromad qildi. Mazkur limonariy mahallada tomorqadan unumli foydalanish va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha namunali tajriba sifatida eʼtirof etilmoqda.
Tadbirkor kelgusida bir gektar adirlik joyda limonariy tashkil etishni moʻljallamoqda.
-Pul koʻp ketsa ham limonni yetishtirishda turli kasalliklarga qarshi doimiy ishlov berib borish zarur. Tagiga goʻngni moʻl berib, suvni uzmasangiz issiqda meva bir tekis chiqadi. Aks holda koʻrinishi oʻzgaradi. Shifobaxsh va inson organizmi uchun zarur boʻlgan davolovchi ozuqa moddalari juda koʻp bu sitrus oʻsimligi oilaviy biznes uchun juda foydalidir. Ish boshlashdan sira choʻchimaslik kerak. Yil oʻtgani sayin yetarli tajriba ham orttirib borasiz. Limonning “Meyer” navi hosildorligi, erta meva berishi va mahalliy sharoitga tez moslashuvchanligi bilan alohida ajralib turadi. Biz shu navdan ekkanmiz. Oʻstirish sharoitlari oʻrtasida muvofiqlikni taʼminlash, inshoot loyihasiga qatʼiy rioya qilib qurish, bunda oʻsimlikka kun davomida quyosh nuri bir tekis tushishini taʼminlash, tuproq sharoiti meʼyorda ekanligi juda muhimdir. Nasib boʻlsa, bu yilgi daromadimdan muzlatkich olib, saqlash imkoniyatlarimizni kengaytiramiz,-deydi Gʻulom aka.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
