Vobkent: Limonchilik Sojiddin Usmonov oilasiga baraka kiritmoqda
2026-02-10 10:45:00 / Yangiliklar

Bu, albatta, viloyatda limonchilikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani bilan bogʻliqdir.
Har bir qarich yer daromad manbai ekanligini yaxshi anglagan “Teraklik” mahallasi Dahana qishlogʻida yashovchi Sojiddin Usmonov ham xonadonidagi 4 sotixli yer maydoniga issiqxona qurib, lion yetishtirishga kirishgandi.
Avvalo, issiqxona sohasini yaxshi bilgan hudud rahbari Farhod aka Narziyev, mahalladagi hokim yordamchisi Mardon Baqoyev bilan maslahatlashib, 35 ta limon koʻchatini oʻtqazdi. Limon yetishtirish sir asrorlarini oʻrgandi, parvarish qildi. Natijada oʻtgan yil yakuni bilan har bir tupdan oʻrtacha 20 kg hosil yigʻdi. Mahsulot asosan mahalliy bozorga chiqarildi, har kilosi - 30 000 soʻmdan. 4 sotix yerdan 21 mln daromad olgach, 2026-yilda yanada takomillashtirish ustida ishlagan Sojiddin aka bu yil limon koʻchatlari ostiga kartoshka urugʻlarini ekdi.
-Fevral oyi oxiri bilan kartoshkalar el dasturxoniga tortilishga tayyor boʻladi deydi,- tadbirkor dehqon. Umumiy maydondan 1 tonnaga yaqin hosil kutilyapti. Qayd etish joiz, bu harakat atrofdagilarga ham jiddiy qiziqish uygʻotdi. Joriy yil boshidan “Teraklik” mahallasida tomorqa ishiga qiziqadigan 10 nafardan ortiq tadbirkor dehqonlar issiqxona qurish ishlarini boshlab yubordi. Sojiddin aka Usmonov qoʻshnilarga bilgan bilimini ulashishga tayyor. Ayni kunda qishloq ahli pomidor, bulgʻor qalampiri, qulupnay mahsulotlari yetishtirishga qiziqish bildirmoqdalar.
Sojiddin Usmonovning tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, mehr va mehnat bilan yondashilgan har qanday tashabbus muvaffaqiyatga eltadi. Bugun Vobkentda amalga oshirilayotgan shunday loyihalar kelgusida viloyat miqyosida yangi eksportbop mahsulotlar brendining shakllanishiga zamin yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
