Vobkent: Maktab direktori tashabbuskor boʻlsa...
2026-02-09 14:50:00 / Yangiliklar

Rahbar tadbirkor boʻlsa, islohotlarning tub mohiyatini anglasa, bajarilgan har bir topshiriq manfaat boʻlib jamoaga, xalqqa qaytishi ortidan ham duo oladi, ham obroʻsi oshadi.
Sergʻaytat direktorning tashabbusi bilan maktabda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish bilan birga qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Avvalo, elektr energiyasini tejash, taʼlim dargohida dars oʻqitish ishlarida muqobil energiyadan samarali foydalanish maqsadida tumanda birinchilardan boʻlib 40-sonli umumtaʼlim maktabida quyosh panellaridan foydalanishga qaror qilindi. Shu maqsadda maskan binosi tomiga 10 kvt soatga teng quyosh panellari oʻrnatildi.
Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda taʼlim maskanlarida ham yashil hududlar koʻpayib, koʻchatchilik borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda.
Alisher Sattorov rahbarlik qilayotgan umumtaʼlim maktabi ham shunday obod taʼlim maskanlaridan biri. Muassasa direktori tashabbusi bilan bu yerda yaxshi tajriba yaratildi.
Maktab hududida bugungi kunda 1 gektardan ortiq maydon koʻkalamzorlashtirilgan, manzarali daraxtlar va koʻchatlar ekilgan. Obodonlashtirish ishlarini sifatli tashkil etish uchun quduq qazib suv chiqarilgan.
Bugun maktabning 100 tup gilos, 115 tup oʻrik oʻtqazilgan oʻziga xos bogʻi mavjud. Maktab va sport maydoni atrofini ham manzarali archa daraxtlari bilan oʻrab olingan. Bundan tashqari, 75 tup gilos, 115 tup oʻrik, 12 tup archa yangidan oʻstirish maqsadida ekilgan. Mingdan ortiq sara mevali daraxt danaklari kuz mavsumida ekilgan, ikki yuz terak qalamchasi qadalgan.
Koʻchatlarni sotishdan kelayotgan daromad maktabni joriy taʼmirlash, muassasa hududini obodonlashtirish ishlariga sarflanmoqda.
Xususan, maktabdagi iqtidorli yoshlarni, turli tanlov gʻoliblarini ragʻbatlantirish, sport musobaqalarida jamoani sport kiyimlari va jihozlar bilan moddiy taʼminlash kabi masalalar ham qiyinchilik tugʻdirmaydi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




