Buxoro harbiy-maʼmuriy sektori faoliyatini tashkillashtirish boʻyicha 2026-yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” loyihasi muhokama qilindi
2026-02-06 20:25:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, harbiylarlarning jangovar shayligini oshirish, ularning xalq bilan hamnafas boʻlib, yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashdagi xizmatini yuksak darajada oʻtashlari uchun barcha sharoit va choralar koʻrilyapti.
Bugun Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondoni Kadirjon Tursunov, viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Botir Zaripov ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda shu xususda soʻz bordi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida rahbarlar oldiga joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq vazifalar qoʻyildi.
Xususan, mamlakat mudofasini taʼminlash, qoʻshinlar jangovar shayligini oshirish, mudofaa obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoshlarni jamiyatda oʻz oʻrnini egallashi boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda davlatimiz Rahbari xavfsizlikni taʼminlash uchun soha va tarmoqlar “proaktiv ish rejimi”ga oʻtishi, yaʼni xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish boʻyicha ishlashi zarurligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
- Oʻtgan yili Buxoro harbiy-maʼmuriy sektori jamgʻarmasidan harbiy qism va shaharchalarning infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar uchun zarur mablagʻlarni yoʻnaltirdik. Joriy yilda ham ushbu tadbirlarni izchil davom ettiramiz, harbiy qism va shaharchalar uchun zarur mablagʻlar ajratilishi taʼminlaymiz, - dedi Botir Zaripov.
Qayd etilganidek, muddatli harbiy xizmatchilarni haqiqiy vatanparvar yoshlar qilib tarbiyalash, ularni kasb-hunarga, xorijiy tillarga oʻrgatgan holda jamiyatda oʻz oʻrnini mustahkam egallashiga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Bundan tashqari, harbiy qismlarning infratuzilmasini takomillashtirish, “Jasorat maktablari” hamda chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik sinfxonalarini jihozlash, harbiy yigʻinlarni oʻtkazish, safarbarlik zaxiralarini yaratish borasida ham vazifalar aniq.
Shu nuqtayi nazardan, viloyatdagi harbiy qismlarda oʻz xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilarni kasbga tayyorlash boʻyicha 3-6 oylik oʻqitish dasturlarini amalga oshirish lozim.
Yigʻilishda soʻz olgan Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni Kadirjon Tursunov Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Armiyamiz nufuzini oshirish boʻyicha bajarilayotgan tadbirlar hamda harbiy-maʼmuriy sektor faoliyati haqida toʻxtaldi.
Yigʻilishda Buxoro harbiy-maʼmuriy sektori faoliyatini tashkillashtirish boʻyicha 2026-yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” loyihasi yuzasidan kengashib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






