Jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarda tinch va osoyishta muhitni yaratish – kun tartibida
2026-02-05 10:10:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mahallalarda tinch va osoyishta muhitni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mazkur vazifalarning amaliy ijrosi yuzasidan Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Tashmatov Buxoroda manzilli o’rganish ishlarini olib bormoqda.
Dastlab viloyat hokimligida viloyat hokimi Botir Zaripov, huquqni muhofaza qilish organlari, Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari va hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirokida muhokama yig’ilishi o’tkazildi.
Aynan mahallaga tushib, muammolarni joyida hal etish, aholi bilan ochiq muloqot qilish orqali aniq natijalarga erishish nuqtai nazardan, mutasaddilar jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan “Sadriddin Ayniy” mahallasida bo’lishdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jinoyatchilikning asosiy sabablari ko‘p hollarda mahalliy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmagani, nazorat mexanizmlarining zaifligi va profilaktik ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq. “Sadriddin Ayniy” mahallasida o‘tkazilgan o‘rganishlar ham ana shu holatni ochiqladi.
O’rganishlar davomida profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Bu bejiz emas. Chunki jinoyatchilikka qarshi kurashishda jazo emas, balki profilaktika ustuvor bo‘lishi kerak. Inspektorlarning aholi bilan ishlash imkoniyatlari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, texnik ta’minot holati tahlil qilinib, tizimdagi kamchiliklar ochiq tan olindi.
Muhokamalar jarayonida mahallani qisqa muddat ichida raqamlashtirish masalasi alohida dolzarb vazifa sifatida ko‘tarildi. Raqamlashtirilgan mahalla — bu faqat kameralar emas, balki tahliliy ma’lumotlar, xavfli hududlar xaritasi, profilaktika ishlarining aniq rejasi demakdir.
Ko‘p qavatli uylar atrofini tungi vaqtda yoritish masalasi ham jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil sifatida belgilandi.
Chunki yoritilmagan hudud — xavfli hudud. Bu borada mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijro muddatlari belgilab qo‘yildi.
Eng muhim jihat — muammolarni hal etishda ilmiy yondashuvlarga tayanish zarurligi alohida ta’kidlandi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish — bu faqat kuch bilan emas, balki tahlil, ma’lumot, raqam va profilaktikaga asoslangan kompleks tizim orqali samara beradi.
“Sadriddin Ayniy” mahallasi misolida olib borilgan ishlar jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangi, amaliy va tizimli yondashuv shakllanayotganidan dalolat beradi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi esa nafaqat bir mahallada, balki butun tuman miqyosida xavfsiz va barqaror muhitni yaratishga xizmat qiladi.
Manzilli ishlar davomida Buxoro markaziy dehqon bozori ham ko‘zdan kechirilib, unda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi, shuningdek, savdogarlar bilan yaqindan suhbat olib borilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi, jumladan, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va aholi xavfsizligini ishonchli ta’minlash bo‘yicha berilayotgan topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, savdo rastalaridan foydalanish uchun haq to‘lash, bozorlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar va boshqa to‘lovlarni amalga oshirishda ochiq va shaffof tizimni yaratish borasidagi ishlar nazoratdan chetda qolmadi.
O‘rganishlar jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini va tezkorligini oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan “Tezkor boshqaruv markazi”da davom etdi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan markaz “Geoinformatsion elektron xarita” dasturi asosida ishlaydi. Unga ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash, transport va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va boshqa idoralarning 64 ta elektron bazasi integratsiya qilingan.
Ta’kidlanganidek, Buxoro shahrida aholi zichligi va transport harakatining yuqoriligi xavfsizlikni ta’minlashda zamonaviy va tizimli yondashuvlarni talab etadi. Shu bois, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









