Gʻijduvon: ijtimoiy “ogʻir” mahallalarda “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini shakllantirish ishlari izchil bormoqda
2026-02-03 16:20:00 / Yangiliklar

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktyabrdagi "Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-298-sonli qarori dasturilamal vazifasini oʻtamoqda. Mazkur qarorga muvofiq, respublikamizda 33 ta shahar va tumanga "Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)" maqomini berib, ularni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun namunali hududlarga aylantirish ishlari jadal boshlangan.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Gʻijduvon tumanida ham ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga koʻra 5 ta “ogʻir” mahalla — Tarxanon, Beshtova, Gʻovshun, Qumoq va Sarmijon mahallalari tanlab olinib, bu hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish, qolaversa, hudud muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari faoliyatini yaxshilashga doir aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Tuman hokimligi, tegishli masʼullar tomonidan ayni kunda mazkur mahallalarda olib borilayotgan ishlar kundalik nazoratga olingan. Bunday toifadagi “ogʻir” mahallalarda faollar bilan bevosita muloqot qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish, aholi ijtimoliy muhofazasi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, ehtiyojmand oilalarga daromad manbaini yaratib berishga doir manzilli choralar koʻrilmoqda. Bu orqali aholining barqaror daromad manbalarini kengaytirish, turmush darajasini oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, “Beshtova” mahalla fuqarolar yigʻinidani Navoboshi aholi punktida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Uygʻun Shomurodovning parrandachilik yoʻnalishidagi ishi atroflicha oʻgranilib, unga yaqindan moddiy madad berish choralari koʻrilmoqda. Tadbirkor 2016-yilda 500 bosh tuxum yoʻnalishidagi tovuq sotib olib, ish boshlagan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 6 ming boshga yetkazilgan.
Hozirda parrandachilik xoʻjaligida kuniga 5 ming donadan ortiq tuxum yetishtirilib, mahalliy bozor orqali aholi dasturxoniga yetkazilmoqda. Har bir dona tuxum 1000-1300 soʻmdan realizatsiya qilinayotgani hisob-kitob qilinsa, tadbirkorlik subyektining kunlik daromadi 6 million soʻmga yetkazilmoqda. Albatta, bu moddiy manfaatdorlik zimirida mashaqqatli mehnat, Shomurodovlar oilasi va ularga yollanib ishlayotgan oʻnga yaqin oila aʼzolari peshona teri yotibdi. Mazkur faoliyat nafaqat tadbirkor daromadini, balki mahallada bandlikni taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.
Aynan Beshtova mahallasida faoliyat yuritayotgan “Abubakr chorva zamini” MCHJ tomonidan esa naslli qoramol va qoʻylar Qozogʻiston hamda Dogʻiston hududlaridan olib kelinib, parvarish qilinmoqda. Xuddi shunday, hududda tomorqa xoʻjaligi, issiqxona mehnatini qadrlab, yilning toʻrt faslida barakali hosil yetishtirayotgan mirishkorlar safi kengaymoqda.
Umuman, amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli ishlar “ogʻir” mahallalarda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini qaror toptirish yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









