Buxoroda chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqarish majmuasi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi
2026-02-02 15:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Wangneng Environment” yetakchi ekologik kompaniyasi oʻrtasida Buxoroda chiqindilarni yoqish orqali undan energiya manbai olishga asoslangan zamonaviy loyihani amalga oshirish boʻyicha bitim imzolangan edi.
Bugun, 2-fevral kuni Kogon tumani “Navro'z” mahalla fuqarolar yigʻini hududida barpo etiladigan maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, “Wangneng Environment” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Shan Chao, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov soʻzga chiqib, loyihaning ahamiyati haqida soʻz yuritishdi.
— Ushbu loyihaning hayotga tatbiq etilishi bizga keng imkoniyatlar eshiklarini ochib beradi. Jumladan, viloyatimizda chiqindilarni boshqarishning mutlaqo yangi, klaster tizimi yaratiladi. Bu esa hududning sanitar va ekologik holatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi. Shuningdek, yuqori texnologiyalarga asoslangan bu majmua chiqindilarni shunchaki yoʻq qilmay, balki ularni qayta ishlash orqali iqtisodiyotimiz uchun zarur boʻlgan arzon va ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu viloyatning energiya mustaqilligini mustahkamlash yoʻlidagi ulkan qadamdir,-dedi Botir Zaripov.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ushbu loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash kabi maqsadlarga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.
Qurilishi Prezidentimizning 2025-yil 24-martdagi “Qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida start olgan loyihaning umumiy qiymati 165 million AQSH dollariga teng. Bu yerda kuniga 1,5 ming, yiliga 547,5 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi va yil davomida jami 400 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Zavod ikki yil davomida qurilib, foydalanishga topshiriladi. Mahalliy aholi vakillaridan 120 nafari yangi ish oʻrniga ega boʻladi.
— Biz “Wangneng Environment” kompaniyasi timsolida oʻzining boy tajribasi va innovatsion yechimlariga ega boʻlgan ishonchli sherikni koʻrmoqdamiz. Kolmpaniya tomondan kiritilayotgan sarmoya va texnologiyalar Buxoroning “innovatsion xab”ga aylanishida muhim oʻrin tutadi. Viloyat hokimligi ushbu loyihani belgilangan muddatlarda va yuqori sifatda yakunlanishi uchun barcha zarur boʻlgan yordamlarni koʻrsatadi,-dedi viloyat rahbari.
Mazkur loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash kabi maqsadlarga xizmat qiladi. Shuningdek, chiqindilarni yoqish jarayonida chiqadigan zararli moddalarning atmosferaga tarqalishini cheklash boʻyicha zamonaviy texnologiyalar joriy qilinadi. Bu tashabbus “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga mos kelib, Oʻzbekistonning ekologik barqarorligini taʼminlashga hamda kelajak avlod uchun toza va sogʻlom muhit yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









