Shofirkon: kecha ishsiz va daromadsiz uy bekasi edi, bugun... tadbirkor
2026-02-02 13:25:00 / Yangiliklar
Bir tomoni Qizilqum choʻliga tutash, bir tomoni Peshku tumaniga chegaradosh Talisang, Yangiqishloq, Iskogare, Chuqurak, Joʻynav, Gʻulomte, Talisafed kabi mahallalarda ayni kunda 7 mingta xonadon, 10 mingtadan ziyod oila mavjud boʻlib, ular tarkibida 39 ming nafardan oshiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududdagi ishsizlar soni ikki yil burun 3,4 ming nafarni, xorijga ishlashga ketganlar soni esa 6 mingdan oshiqni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib ishsizlar sonini 1,9 ming nafargacha qisqartirishga erishilgan.

Talisafed mahallasida ham bugun oʻz mehnati va tashabbusi bilan oila tebratib, moddiy manfaatdorlikka erishayotgan mirishkorlar safi kengaymoqda. Oddiy xonadondan boshlangan harakat, sabr va hunar bilan qoʻshilib, barqaror daromad manbaiga aylandi.
Ishsizlikda imkoniyat izlab, qiyinchilikdan choʻchimagan ayol Gullola Ismoilova bugun pazandaligi bilan mahalladoshlari hojatini ravo qilib kelayotgani, dasturxon toʻkinligiga baholiqudrat hissa qoʻshayotganidan mamnun.
Ishsizlikda imkoniyat izlab, qiyinchilikdan choʻchimagan ayol Gullola Ismoilova bugun pazandaligi bilan mahalladoshlari hojatini ravo qilib kelayotgani, dasturxon toʻkinligiga baholiqudrat hissa qoʻshayotganidan mamnun.
Gullola Ismoilova dastlab moddiy mablagʻ yoʻqligi sababli qiyinchiliklarga duch kelgan. Shunga qaramay, u oʻz kuchiga tayanib, yashab turgan xonadonida xamirli yarim tayyor mahsulotlar tayyorlashni yoʻlga qoʻydi. Avvaliga kichik hajmda ishlab chiqarilgan mahsulotlar mahalla doʻkonlariga yetkazilib, asta-sekin daromad manbai shakllandi.
Mahalla masʼullari koʻmagida Gullola Ismoilova “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida oʻtgan yili 10 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olib, ishini rivojlantirdi. Bugunga kelib esa u oʻz xonadonida 5 nafar xotin-qiz bilan birgalikda chuchvara, manti, lagʻmon, somsa va boshqa 10 ga yaqin turdagi xamirli, yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.
Bu tayyorlanayotgan yarim tayyor mahsulotlar mahalladoshlar dasturxoniga peshma pesh yetkazilib, hatto toʻy-maʼrakalar uchun buyurtmalar ham olinayotgani bir nechta xonadon bekalari uchun qoʻshimcha moddiy manfaatdorlik demak.
Hozirgi kunda Gullola Ismoilova kuniga oʻrtacha 400 ming soʻm daromad topib, shundan oyiga 10–12 million soʻm miqdorida sof foydagi erishmoqda. Bu samaradorlik esa uy sharoitida boshlangan kichik tashabbus qisqa vaqt ichida samarali ishbilarmonlik faoliyatiga aylanganining amaliy namunasi. Bu ham xonadonlarda mavjud imkoniyatdan unumli foydalanish, ishsiz xotin-qizlarni band qilish borasida foydali tajribalardan biri.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







