Peshku: “Yangibozor”da “Gulhayo atelye” ish koʻlamini kengaytirmoqda
2026-01-31 19:20:00 / Yangiliklar

— Bungacha uyda yakka tartibda ishlab, ayollar liboslari tikish bilan shugʻullanardik. Mahalla koʻmagi bilan menga qarovsiz yotgan binodan joy ajratilib, “Xalq banki” tuman filialidan imtiyozli tartibda 50 million soʻm kredit sarmoyasi ham berilgani katta madad boʻldi,—deydi chevar Gulhayo Jahonova.—Bu mablagʻga oilaviy jamgʻarmamizdan 50 million soʻm qoʻshib, sexni obodonlashtirib, jihozladik. “Jack” rusumli tikuv mashinalari, overlo, zarur uskunalar, mato sotib oldik.
Bugunga kelib “Gulhayo atelye” MCHJda tikuvchilik hunariga ega boʻlgan 3 nafar ayolning bandligi taʼminlangan boʻlib, shuningdek, ular qoʻli ostida 8 nafar yosh chevar shogird sifatida tikuvchilik sirlarini puxta oʻzlashtirmoqda. Muhimi, chevarlar jamoasiga har kuni ish bor, bejirim tikib tayyorlanayotgan liboslar hisobidan Yangibozor, Mustaqillik va boshqa mahallalardan buyurtma soni ham oshib bormoqda.
Bir oylik mehnat mahsuli—tikuvchilar qoʻlidan bir oyda yuztaga yaqin yangicha andozadagi kiyim-kechak chiqarilayotgan boʻlib, buning moddiy qiymati qariyb 20 million soʻmni tashkil etmoqda. Erishilayotgan daromadl tikuvchilarni mehnatiga yarasha moddiy manfaatdorliklarini taʼminlamoqda. Gulhayo Jahonova shogirdlari bilan kelgusida ishchi oʻrni va mahsulot sonini koʻpaytirish, milliy hunarmandchilik—tadbirkorlik ishini rivojlantirish harakatida.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








