Xizmatda jasorat koʻrsatgan profilaktika inspektori munosib ragʻbatlantirildi
2026-01-31 17:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan, favqulodda vaziyatda koʻrsatgan jasorati, qatʼiyati va kasbiga sadoqati uchun kapitan Amrillo Rasulovga muddatidan oldin “mayor” maxsus unvoni berildi.
Bugun viloyat hokimligida Amrillo Rasulovga mazkur unvonni tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy boʻgʻin – mahalla profilaktikasi ekanligi alohida taʼkidlandi, — dedi tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov. — Jumladan, profilaktika inspektorlarining mahallalarda, avvalo, tinchlik, fuqarolarning osoyishtaligi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini koʻrishi kerakligi alohida qayd qilindi. Shu bois, bugun xizmatda fidoyilik namunalarini koʻrsatayotgan ichki ishlar xodimlari mehnati har qancha eʼtirofga loyiq. Vobkentlik profilaktika inspektorining xizmatda koʻrsatgan jasorati shunchaki oddiy ish emas, u bugun bir oila dilbandi, bir xonadon bekasi, 4 farzandning onasini qutqarib qoldi. Xodimning ota-onasi, taʼlim-tarbiya bergan ustozlariga ming rahmat. Zero, favqulodda holatlarda inson hayotini saqlab qolish — ichki ishlar organlari xodimlarining oliy burchi, sharafli ishidir.
— Gʻijduvon tumani “Qorabogʻi” mahallasida tugʻilib voyaga yetganman. 2018-yilda Buxoro davlat universitetining harbiy tayyorgarlik va jismoniy madaniyat fakultetini bitirib, ichki ishlar idoralari shaxsiy tarkibiga xizmatga qabul qilindim, — deydi mayor Amrillo Rasulov. — Ayni kunda Vobkent tumani markazidagi “Kulolchi” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻz xizmat burchimni oʻtayapman. Jinoyat va huquqbuzarliklar oldini olish maqsadida olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida mahallamiz “yashil” hududga kiritilgan.
Bevosita, 29-yanvarda sodir boʻlgan voqeaga kelsak, oʻsha kuni mahallada ishlayotgan ustalar xabariga binoan, soat 16:20 larda “Vobkent daryo” kanali boʻyiga, aytilgan joyga yetib borganimda ayol oʻzini suvga tashlab ulgurgandi. Shundan soʻng bor fikri-xayolim uni suvdan olib chiqish boʻldi. Bir amallab muzday suvdan olib chiqilgan ayolni tez tibbiy boʻlimga olib bordik. Bunda menga ustalar yordam berishdi. Oʻylaymanki, meni oʻrnimda boshqa odam boʻlganida ham xuddi shunday yoʻl tutgan boʻlardi.
Tadbirda profilaktika inspektori Amrillo Rasulovga “mayor” maxsus unvonini berish toʻgʻrisidagi vazirlik buyrugʻi oʻqib eshittirildi va unvon topshirildi. Shuningdek, u viloyat hokimligi va ichki ishlar boshqarmasining qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





