Peshku: Laylo Boboyeva qoʻli ostidagi chevarlar ham oilalariga qoʻshimcha daromad kiritishmoqda
2026-01-30 19:05:00 / Yangiliklar

Peshku tumanidagi “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Laylo Boboyeva ham yoshligidan igna-qatimga oshno tutingan, tikuvchilikka mehr qoʻygan. Keyingi yillarda yosh chevar buyurtmachilar talabiga muvofiq koʻrpa-yostiq, qoʻrpacha, dasturxon kabi zarur buyumlarni bejirim tikib tayyorlab berib, oʻziga xos ayollar tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, mahalladoshlari eʼtiboriga tushgan.
Laylo Boboyevaning tikuvchilik faoliyati hududda ayollar bandligini taʼminlash, kasb-hunarga jalb etish va oilaviy daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. U oʻz mehnati tufayli barqaror daromad topib, shu bilan birga, yana 4 nafar ishsiz ayolni doimiy ish bilan taʼminlashda baholiqudrat hissa qoʻshmoqda.
Kichik korxonaga aylangan Laylo Boboyevaning uyida har kuni tikib tayyorlanayotgan oʻntaga yaqin koʻrpacha, koʻrpa, yostiqlardan erishilayotgan moddiy manfaatdorlik 1 million soʻm atrofida. Yangicha andozadagi bunday toʻshamalarni buyurtmachilarga yetkazishdan chevarlar jamoasi har oyida 20 million soʻmdan oshirib umumiy daromadni qoʻlga kiritmoqda. Albata, halol mehnat ortidan tikuvchi dugonalar oilalariga qoʻshimcha foyda kiritishmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




