Buxoro tumani: “Madaniyat rabot”da Mohinur Homidova tikuvchilik sexini ochdi
2026-01-29 22:10:00 / Yangiliklar
Qoʻlida chevarlik hunari bor, ammo uyda ishsiz va daromadsiz qolgan ayol nihoyat, moddiy ahvoli yaxshi emasligidan oʻkinib yashash tashvishidan xoli boʻldi. Ijtimoiy ahvoliga koʻra, nogironligi boʻlgan ishsiz ayolga “Nurli kelajak” markazi oʻz xizmatlarini taklif qildi. Bu oʻrinda gap “Madaniyat rabot” mahallasida yashovchi Mohinur Homidova xususida bormoqda.

Endilikda Mohinurga “Nurli kelajak” markazi tomonidan oʻz layoqatiga mos barqaror ish va mustaqil daromad manbai yaratish maqsadida mahalla binosi yonida tikuvchilik sexini tashkil etishda yaqindan koʻmak berildi. Bu tikuvchilik sexi grant mablagʻi doirasida ichki jihozlar bilan toʻliq taʼminlandi.
Asosiysi, Mohinur Homidova chevarlik faoliyatini boshlash, barqaror daromadga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu loyiha nafaqat uning oʻziga, balki mahalla ahliga ham namuna boʻlib, nogironligi boʻlgan ayollar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam hisoblanadi.
—Bir necha yildan beri moʻjazgina boʻlsa ham oʻzimning tikuv sexim boʻlishini astoydil xohlardim. Ammo moddiy qiyinchiliklar sababli faoliyatimni yoʻlga qoʻyishda koʻp qiynaldim, oilaviy yetishmovchiliklar, moddiy muammolar bor edi. Mana, bugunga kelib bu istagim roʻyobga chiqqanidan juda baxtiyorman, buning uchun men va menga oʻxshagan ayollarni har jiatdan qoʻllab-quvvatlayotgan davlatimizga, Prezidentimizga ming rahmat, — deydi Mohinur Homidova.
Hozirda Mohinur oʻzidan tashqari, yana 3 nafar qiz bilan birgalikda tikuv sexida ish yuritmoqda. Sex esa “Jack” tikuv mashinalari, zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bunda chevarlar yangi andozalar, bejirim tikuvchilik uslubi, shunga oʻxshash kasbiy mahoratlarini oshirish harakatidalar. Albatta, izlanuvchanlik va mehnat tufayli ular moddiy manfaatdorlikka erishadilar.
“Nurli kelajak” markazi esa shu kabi loyihalarni kengaytirib, mahallalarda nogironligi boʻlgan ayol va yoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik jihatdan qoʻllab-quvvatlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Bu saʼy-harakat hududda ijtimoiy tenglik va yoshlarning kelajakdagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





