Buxoro tumani: mingdan ortiq xonadonning “zangori olov” taʼminoti yaxshilanmoqda
2026-01-29 12:00:00 / Yangiliklar
Buxoro tumanida aholini tabiiy gaz bilan barqaror va uzluksiz taʼminlash, mavjud gaz infratuzilmasini zamon talablari asosida yangilash maqsadida keng koʻlamli rekonstruksiya, taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, "Doʻstlik" mahallasidan oʻtuvchi, shuningdek, Galaosiyo, Doʻstlik, Bogʻikalon, Saxovat va Qoʻshxodim mahallalarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi, diametri 219 millimetr boʻlgan yuqori bosimli yer osti gaz quvurining qariyb 1 ming metr qismida taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur gaz quvuri mazkur hududda istiqomat qiluvchi mingdan ortiq xonadon uchun muhim ahamiyatga ega. Rekonstruksiya ishlari yakunlangach, gaz bosimi barqaror yetkazilib, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining “zangori olov”ga boʻlgan talabi va ehtiyoji toʻliq qondiriladi. Shu bilan birga, eskirgan quvurlarni yangilash orqali gaz tarmoqlarining texnik mustahkamligi oshirilib, roʻy berishi mumkin boʻlgan favqulodda holatlar oldi olinmoqda.
Amalga oshirilayotgan taʼmirlash ishlari yillik gaz yoʻqotishlarini kamaytirish, isrofgarchiliklar oldini olish, tabiiy gazni tejash va energiya resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki aholiga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini ham sezilarli darajada yaxshilaydi.
Albatta, mazkur rekonstruksiya ishlari mexanizatsiyalashgan tarmoq ishchi-mutaxassislari tomonidan sifatli yakunlangach, tumanda yuqorida koʻrsatilgan mahallalarda yashovchi aholi uchun barqaror va uzluksiz gaz taʼminoti yaxshilanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









