Gʻijduvon: “Tavariyon” mahallasida qurut tayyorlash bir nechta oilaning daromad manbaiga aylangan
2026-01-28 11:00:00 / Yangiliklar

Tarkibida temir, magniy, kaliy, kalsiyga boyligi uchun suyak va mushaklarni mustahkamlaydi. Bolalarda boʻy oʻsishiga, uni soʻrib yurish hatto tishlar sogʻlom, baquvvat boʻlishiga yordam beradi. Kun davomida quvvatni saqlaydi. Qurut tarkibida D vitamini boʻlib, kalsiyning soʻrilishini keltirib chiqaradi va yoʻgʻon ichak saratonining oldini oladi.
Mahalliy sharoitda qurutning ranglilari, kichkina, bejirimlari, toʻrtburchak, uchburchak, doyra, xullas, oʻnlab xili bor. Yilning toʻrt faslida bozorda qurut savdosi ham avjida, oʻziga yarasha, “barakali biznes” ekani hech kimga sir emas. Buni teran tushungan gʻijduvonliklar mahallalarida ham qurut tayyorlash bilan shugʻullanayotgan oilalar safi kengaymoqda. Ayni kunda mahalliy mirishkor qurutchi oilalar tomonidan bozorga oʻnlab tonna sifatli mahsulot ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda.
Jumladan, Tavariyon mahallasida Bahodir Tilavov sexida oyiga 6 tonna, Mirali Boltayev tashkil etgan kichik korxonada 7 tonnagacha, Asliddin Boboxonov hamda Jamshid Saidov sexlarini har birida 5 tonnadan qurt mahsuloti ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazilmoqda.
Muhimi, oʻnlab oila uchun daromad manbaiga aylangan qurut tayyorlash kichik korxonalari xushxoʻr mahsulot ishlab chiqarish barobarida oʻnlab xonadon turmush sifatini yaxshilamoqda, mahalliy iqtisodiyotga ulush qoʻshmoqda. Ayni paytda mazkur faoliyat orqali kichik korxonasiga ega oila oyiga oʻrtacha 35 million soʻmdan ortiq daromadga ega boʻlmoqda.
Tuman mutasaddilari, mahalla maʼmuriyati bevosita koʻmagida Tavariyon mahallasida qurut tayyorlash salmogʻini yanada oshirish, oilalar daromadini oshirish choralari koʻrilmoqda. Bu kabi loyihalar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







