Kogon: Niyozhojilik Poʻlatovlar uy xoʻjaligida qoramol soni 10 boshga yetkazildi
2026-01-27 14:10:00 / Yangiliklar

Kogon tumani, “Niyozhoji” mahalla fuqarolar yigʻinining Ganchkash qishlogʻida yashovchi Shuhrat Poʻlatov ham 2025-yilda hokimning mahalladagi yordamchisi koʻmagida shu loyiha asosida “Xalq banki” filialidan imtiyozli kredit mablagʻini rasmiylashtirib olib, uy xoʻjaligida naslli qoramol parvarishini yoʻlga qoʻydi. Natijada qisqa vaqt ichida xonadon uchun chorvachilik ishi barqaror daromad manbaiga aylandi.
Oila aʼzolarining astoydil mehnati tufayli bugunga kelib Poʻlatovlar xonadonida boqilayotgan qoramol soni 10 boshga yetkazilgan boʻlib, shulardan 5 tasi sogʻin sigirlar. Bu sigirlarning har biridan kuniga oʻrtacha 10-12 litr sut sogʻib olinmoqda. Shuning oʻzidan roʻzgʻorga kunlik 400 ming soʻm daromad kiritilmoqda.
Yetishtirilayotgan sut mahsuloti esa oila ehtiyojidan ortgani kelishuv asosida mahalliy sutni qayta ishlash sexiga yetkazib berilmoqda. Bu bir tomondan, mahalliy ishlab chiqarish “zanjiri”ni hosil qilsa, ikkinchidan sifatli va tabiiy sut mahsulotlari bilan bozorga munosib ulush qoʻshilmoqda.
Poʻlatovlar uy xoʻjaligi qishloq aholisi uchun namuna, negaki, mavjud imkoniyatdan unumli foydalanib, bir oila iqtisodiy ahvoli yaxshilanmoqda, turmush darajasi oshmoqda. Ayni kunda tomorqa yerini kengaytirib, chorvabop ozuqa ekinlari yetishtirish harakatida boʻlgan xonadon mehnatkashlari oilaviy daromad hisobidan nasldor qoramol tuyogʻini koʻpaytirish, xoʻjalikda goʻsht, sut, qatiq, sariyogʻ kabi mahsulotlarni yanada moʻl yetishtirishni koʻzlamoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



