Gʻijduvon: “Tarxanon” va boshqa mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari koʻrilmoqda
2026-01-26 17:50:00 / Yangiliklar

Ushbu qarorga muvofiq, tanlangan shahar va tumanlar va ulardagi alohida saralangan mahallalar aholining yashash sharoiti, infratuzilma, tadbirkorlik va ijtimoiy xizmatlar darajasi jihatidan mamlakatning boshqa hududlari uchun namuna sifatida belgilangan.
Gʻijduvon va Shofirkon tumanlari ham mazkur loyiha doirasida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi” hududlar sifatida qayd qilingan. Mazkur hududlarda aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy obyektlarni yangilash ishlari amalga oshiriladi. Tumanlarda yoʻl va muhandislik tarmoqlari yangilanadi, yangi turar joylar va xizmat koʻrsatish maskanlari quriladi, aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan islohotlar amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun umumiy moddiy qiymati 200 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
Umuman, bu qaror orqali har bir tanlangan hududda aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va tadbirkorlik muhitini yanada faollashtirish chora-tadbirlari koʻriladi. Shu maqsadda Gʻijduvon tumanida 5 ta “ogʻir” mahalla tanlab olingan boʻlib, jumladan, Tarxanon, Beshtova, Gʻovshun, Qumoq va Sarmijon aholi maskanlari ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantiriladi.
Ayni kunda tuman hokimligi, tegishli idoralar hamkorligida mazkur mahallalarda oʻrganishlar olib borilib, tegishli tavsiya va chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, hudud infratuzilmasi yaqindan oʻrganilib, tadbirkorlik tashabbuslari, biznes loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Albatta, bu orqali mahallalarda ish oʻrinlarini koʻpaytirish va aholining daromad manbalarini oshirishga eʼtibor qaratilmoqda.
"Tarxanon" mahallasida yashovchi Zohidjon Tohirov oila aʼzolari ham oʻn yildan buyon parrandachilik bilan shugʻullanib keladi. Hozirda uy xoʻjaligida tuxum yetishtirish yoʻnalishida 4 ming bosh tovuq parvarish qilinmoqda. Bundan bir kunda 3 mingta atrofida tuxum hosil qilinib, shundan qoʻlga kiritilayotgan daromad salmogʻi 4 million soʻmdan oshirilmoqda.
Xuddi shunday, Aslon Jamolov xonadonida ham uch yildan buyon parranda parvarishlab kelinadi. Shu kunda mirishkorlar qoʻli ostidagi tovuq soni 2500 boshga yetkazilgan. Bu tovuqlardan bir kunda 2 ming donagacha tuxum hosil qilinib, oila mehnatkashlari bundan 3 million soʻmgacha moddiy manfaatdorlikka erishmoqda. Asosiysi, endilikda har bir aholi maskanida shu kabi tadbirkorlik loyiha va tashabbuslarni kengaytirish, aholi moddiy manfaatdorligini oshirish maqsad qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









