Kogon tumanida mahallalar xavfsizligi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar oldini olishga doir faoliyat muhokama qilindi
2026-01-23 12:20:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit, manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1-son hamda “2026-yilda Respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–2-sonli qarorlarining mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirishga qaratildi. Mazkur qarorlar jinoyatchilikka qarshi kurashda tizimli, aniq va kompleks yondashuvni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yigʻilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Ikromjon Tursunov va tuman hokimi Akmal Qazoqovlar ishtirokida hududda jinoyatchilik ahvoli atroflicha tahlil qilinib, xizmat faoliyati jarayonida xodimlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar keskin va tanqidiy ruhda muhokama etildi. Xususan, mahalla fuqarolar yigʻinlarida tinchlik-osoyishtalikni saqlashda qonunchilik talablariga rioya etish, xizmat va tartib-intizomni mustahkamlash, shaxsiy masʼuliyatni oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Seminarda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish va mahallalarda manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir etuvchi omillar bilan ishlashning mahallalar kesimida har choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilash hamda ularning mahalla-tuman-viloyat darajasida ijrosi uchun bevosita masʼul rahbarlarni biriktirish, amalga oshirilgan tadbirlar samaradorligi yuzasidan qatʼiy soʻrov tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha mutasaddilarga aniq vazifalar va koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, tezkor-xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda kelgusida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi.
Taʼkidlanganidek, ayni kunda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar tarkibida viloyat hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, oila va xotin-qizlar, adliya boshqarmalari masʼul xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruhi tomonidan amalga oshiriladi va muvofiqlashtirib boriladi.
Seminar interaktiv ruhda oʻtib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Oʻtkazilayotgan oʻquv mashgʻulotlari mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholi tinchligi va osoyishtaligini ishonchli taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlari va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









