Olot: mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi
2026-01-22 16:30:00 / Yangiliklar
Olot tumanida boʻlib oʻtgan seminar jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va profilaktika ishlari samaradorligiga bagʻishlandi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlarining chekka tumandagi ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu qarorlar jinoyatchilikka qarshi kurashda tizimli, aniq va kompleks yondashuvni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yigʻilishda, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish va mahallalarda manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir etuvchi omillar bilan ishlashning mahallalar kesimida har choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilash hamda ularning mahalla-tuman-viloyat darajasida ijrosi uchun bevosita masʼul rahbarlarni biriktirish, amalga oshirilgan tadbirlar samaradorligi yuzasidan qatʼiy soʻrov tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha mutasaddilarga aniq vazifalar va koʻrsatmalar berildi.
Seminar mashgʻulotida respublika Ichki ishlar vazirligi akademiyasi masʼul xodimi Jasur Oʻroqov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Erkin Safarov, viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi Karomat Rajabov, tuman hokimi Nargiza Neʼmatovalar muhokama qilingan har bir yoʻnalish boʻyicha yigʻilishda qatnashgan hududdagi 35 ta mahalla “yettiligi” masʼullari, mahalliy hokimlik va prokuratura, ichki ishlar xodimlariga batafsil tushuntirishlar va amaliy tavsiyalarini berdilar.
Mazkur seminar mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, aholi tinchligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi taʼkidlandi. Aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, odamlarni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda hal etish, shuningdek, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila va nikoh munosabatlari, ayollar va yoshlar jinoyatchiligining asl sabablarini ilmiy asosda tahlil qilish, jamoatchilik ishonchini mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.
Seminarda tuman IIB rahbariyati, shaxsiy tarkibi, hududdagi mahallalar “yettiligi” va hamkor tashkilotlar vakillariga yuqoridagi qarorlar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat tizimi joriy etilishi maʼlum qilindi. Jinoyatlarni hisobdan yashirish va soxta hisobotlar kiritish qatʼiyan taqiqlanishi, samarali ishlagan xodimlar esa pul mukofotlari, davlat mukofotlariga tavsiya etilishi va jamoatchilik oldida eʼtirof etish orqali ragʻbatlantirilishi belgilandi. Bu esa mahallalarda haqiqiy xavfsiz muhit yaratish va fuqarolarning davlat organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









