Jondor: “Chiqirobod”da yosh sportsevarlar uchun yangi sport maydoni qurib berildi
2026-01-17 19:55:00 / Yangiliklar

Tumanda 2025-yil 2-mavsum “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ezgu ishlardan biri — “Oqtepa” MFY Chiqirobod qishlogʻidagi stadionning qayta taʼmirdan chiqarilib, zamonaviy koʻrinishda mini futbol, yana “workout” maydonchasi yangidan barpo qilingani boʻldi. Mazkur loyiha uchun moddiy qiymati 1,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, mahalliy aholi va ular farzandlarining koʻp yillik talab-istaklari bajo keltirildi.
Sport maydonini foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, yoshlar hozir boʻldilar. Unda soʻz olganlar yurtimiz obod manzillari qatorida bugun tuman va uning Oqtepa kabi mahallalarida qator yangilanish va bunyodkorliklar amalga oshirilayotgani, ayni kunda majmua hudud sportsevarlari uchun yana bir imkoniyat ekanligini taʼkidladilar.
Tadbirda sport inshooti qurilishi va taʼmirida alohida jonbozlik koʻrsatgan ishchi-mutaxassislarga alohida minnatdorlik bildirildi.
Yangi taʼmirlangan stadion va undagi imkoniyatlar aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda ham muhim vosita boʻlib, maskan endilikda nafaqat sport bilan shugʻullanish, balki mahalla ahlining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun ham qulay manzilga aylanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








