Vobkent: qishda qor bagʻrida... "Latifsobungar"da qulupnay qut-barakasi...
2026-01-17 15:35:00 / Yangiliklar
Qishloq ahli ekin yeri, tomorqasidan unumli foydalanishni oʻrganayotgani, yangi nihol va tajribalar oʻzlashtirilayotgani qanday yaxshi?! Yon-atrofimizda imkoniyatga ega ayrim oilalar 6-10 sotixli tomorqasidan million-million soʻm daromad topib, roʻzgʻori ehtiyojlarini qoplab, hech narsaga zoriqmay turmush kechirishayotgani hech kimga sir emas. Tomorqa va yerlardan unumli foydalanishda issiqxonalarning alohida oʻrni bor.

Vobkent tumani "Latifsobungar" mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Muxtor Shodiyev va uning oila aʼzolari ham halol mehnatlari bilan boshqalarga ibrat boʻlishmoqda. Xonadonidagi tomorqa yerining 5 sotix qismida issiqxona barpo qilgan xonadon mehnatkashlari tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida issiqxonani jihozlab, unda gidroponika usulida qulupnay yetishtirish tajribasini oʻzlashtirishgan.
— Buning uchun Koreya texnologiyasi asosida tuproq oʻrnida—kokos qipigʻini poytaxtdagi hamkasblardan buyurtma asosida xarid qilib, joʻyak oʻrnida qatorlarga rezina shlanglarni tortib, hosil qilingan ekin maydoniga 10 ming tup qulupnay niholini oʻtqazib parvarishni boshlaganmiz, — deydi tomorqachi Muxtor Shodiyev. — Gidroponika usulidagi faoliyatimizni boshlashga 200 million soʻm atrofida mablagʻ sarflagan boʻlsak, endilikda bu sarmoyani bir mavsumda bemalol, shu qulupnay hosilidan bartaraf etish imkoniga ham egamiz. Buning uchun agrotexnik parvarishni toʻgʻri olib borib, hosilni nest-nobud qilmasdan yigʻib-terib olsak, bas.
Daromadga kelsak, mirishkor oila bir oylik terimda bir necha marta hosili terib olinadigan har bir qulupnay tupidan 400 gramgacha qulupnay mevasi olsa, buni sotishdan qoʻlga kiritiladigan foydasi sarf-xarajatini bemalol qoplaydi.
Umuman, kuz-qish mavsumida issiqxona xoʻjaliklariga oson tutib boʻlmaydi. Negaki, plyonka ostidagi haroratni talab darajasida, meʼyorida saqlash taqozo qilinadi. Qolaversa, dehqonchilikdan baraka topish uchun navni toʻgʻri tanlash, urugʻ yoki koʻchat joylashtiriladigan tuproq tarkibi, unumdorligi, ekilgan hudud iqlim sharoiti, sugʻoriladigan suvga eʼtibor qaratish shart.
Tadbirkor issiqxonachi erta bahor oyida ekish uchun qulupnay koʻchatlari yetishtirib sotadi. Yetishtirilgan koʻchatlarning bir qismi parvarish uchun olib qolinadi. Kuz-qish mavsumida pishib yetilgan sarxil, yangi qulupnay tuman dehqon bozorida, savdo majmualarida sotiladi. Bu ishning ortidan nafaqat tadbirkorning oʻzi, balki mahalladoshlari ham barakali daromad topmoqda. Yil yakunigacha esa issiqxona xoʻjaligidagi qulupnaydan 3 tonnadan oshirib hosil olish maqsad qilinmoqda.
Qulupnay parvarishiga Muxtor Shodiyevning oila aʼzolaridan tashqari mahalladagi ishsizlar ham jalb etilgan. Bahor, yoz mavsumida 7 kishigacha, qish mavsumida esa 3 nafar ishchi kuchidan foydalanilmoqda. Albatta, ular mehnatiga yarasha haq olishmoqda.
Qayd etish joiz, joriy yil boshidan Latifsobungar mahallasida tomorqa ishiga qiziqadigan 12 nafar tashabbuskor fuqaroga hokim yordamchisi tavsiyasi asosida 33 million soʻmgacha boʻlgan imtiyozli tartibdagi kredit mablagʻi ajratilib, jami 25 sotix yer maydonida ixcham issiqxonalar barpo etilgan. Ayni kunda ularda sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilib, aholi dasturxoniga yetkazilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








