Shan Jianming: Buxorodagi zavod Markaziy Osiyodagi eng yirik chiqindini qayta ishlash loyihasiga aylanadi
2026-01-17 13:45:00 / Yangiliklar

Bugun, 17-yanvar kuni viloyat hokimi Botir Zaripov “Mizuda Group” kompaniyasi raisi Shan Jianming boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni muhokama qildi.
Viloyat rahbari soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari jadal rivojlanayotganini, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida iliq, doʻstona va ishonchli munosabatlar faol hamkorlik, konstruktiv muloqot va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Energetika tizimidagi yirik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Buxoroda Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini, xitoylik sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha ham hududning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga va elektr energiyasi taʼminotini yaxshilashga hissa qoʻshishini eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida Shan Jianming samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Investorlarga berilayotgan imtiyozlardan foydalanib, Buxoro viloyatida chiqindilarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash va energiya ishlab chiqarish loyihasi samarali hamkorlik va ishonch tufayli amalga oshirishga kirishilganini aytib oʻtdi. Viloyatning atrof-muhitini yaxshilash, ijtimoiy—iqtisodiy rivojlantirishiga hissa qoʻshishdan mamnun ekanini bildirdi.
-Buxoroga birinchi bor kelishim. Bu yer menga juda yoqdi. Bevosita loyiha haqida toʻxtalsam, kompaniyamizning turli davlatlarda hozirga qadar 50 ta shu kabi loyihani amalga oshirdi. Buxorodagi zavod 51-loyihamiz boʻlib, u Markaziy Osiyodagi eng yirik chiqindini qayta ishlash loyihasiga aylanadi,- dedi Shan Jianming.
Qayd etish lozimki, mazkur loyiha qiymati 180 million AQSH dollarini tashkil etib, uning amalga oshirilishi chiqindilarni poligonlarda yigʻilishini keskin kamaytirish, ekologik holatni yaxshilash va energetika sohasida barqarorlikka erishish, shuningdek, koʻplab yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Maʼlumot uchun:
“Wangneng Environment Co., Ltd.” kompaniyasi — 1993-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh ofisi Chjetsyan viloyatida joylashgan.
Kompaniya tarkibida bugungi kunga qadar 50 ta qayta ishlash zavodi mavjud boʻlib, Kambodja, Tailand va Vyetnamda yirik chiqindilarni qayta ishlash va energiya ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirmoqda.
Kompaniya Xitoydagi eng yirik chiqindilarni qayta ishlash va chiqindidan energiya ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalardan biri boʻlib, 13 mingdan ortiq xodimga ega.
2024-yilda kompaniyaning umumiy daromadi 4,44 milliard AQSH dollari, sof foydasi esa 785 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









