Shofirkon hamda Xitoy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda
2026-01-16 19:35:00 / Yangiliklar

Mazkur xizmat safari doirasida Shofirkon tumanida faoliyat yuritayotgan kasb-hunar maktablari va texnikumlarda “Huaxin” kolleji tajribasi asosida yangi yoʻnalishlarni joriy etish, zamonaviy oʻquv dasturlarini ishga tushirish hamda kelgusida yangi taʼlim muassasasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy safarida Alisher Fayzilloyev “Xalqaro almashinuv va hamkorlik” mavzusidagi konferensiyada ishtirok etdi. Mazkur konferensiyada “Huaxin” kolleji ijrochi direktori Van Luna shuningdek, xalqaro hamkorlik va almashinuv uchun masʼul boʻlgan tegishli mutaxassislar bilan fikr almashildi.
Konferensiya davomida Van Luna “Hebei Geo university” Huaxin fakulteti ijrochi dekani sifatida, loyiha doirasida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan axborot berdi. Unda maktabning kelgusi xalqaro rivojlanish strategiyasi tizimli ravishda yoritilib, taʼlim muassasasini internatsionallashtirish, iqtidorli yoshlarni tayyorlash, akademik almashinuvlarni tartibga solish, taʼlim resurslaridan birgalikda foydalanishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Huaxin” kolleji doimiy ravishda xalqaro taʼlim hamkorligi platformasini rivojlantirib kelayotgani, ochiq va oʻzaro manfaatli hamkorlik orqali taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. Ikki tomon yetakchilari oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda taʼlim dargohlari oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik loyihalarini roʻyobga chiqarish, Shofirkon tumanida “Huaxin” kolleji tajribasi asosida innovatsion oʻquv dasturlarini ishga tushirish borasida kelishuvga erishildi. Xorijiy xizmat safari samarasi oʻlaroq, yaqin kunlarda xitoylik hamkorlarning viloyatimiz tumaniga tashrifi kutilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








