Peshku: “Sadir” mahallasida Badalovlar oilasi issiqxonasida ham barakali hosil koʻzlangan
2026-01-16 16:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kelib hududda toifalangan daftarlardan oʻrin olgan yuzdan oshiq ijtimoiy muhofazadagi oilalarga daromad manbaini yaratib berish, ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, hududda 200 ga yaqin fuqaro oʻz tomorqa yerida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, issiqxona xoʻjaligini yuritib, moddiy manfaatdorlikka erishmoqda.
Sadirda issiqxona xoʻjaligi, tomorqachilik rivojlangan boʻlib, aholining 70 foizidan ortigʻi, deyarli 3 mingga yaqini bevosita tomorqa ishi, dala-dehqonchilik agrotexnikasi bilan bandligini koʻrish mumkin. Uyma-uy yurib, bir sotixdan yarim gektargacha maydonda barpo qilingan issiqxonalarning aksariyati shu kunda gurkirab, yashnab yotgani, ulardan yiliga uch marta hosil olinayotgani, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, kartoshka, sabzi, karam, “toʻqsonbosti” usulida yetishtiriladigan koʻkatlar bilan birga limon, apelsin, mandarin kabi sitrus meva yetishtirishga kirishilgan.
Erta bahordan bu issiqxonalarni yarmidan koʻpida sabzavot mahsulotlari koʻchatlarini yetishtirib sotish boshlanadi va bu ham daromad manbai. Umuman, hududdagi aholi xonadonlari tomorqalarida 3 gektarga yaqin yerda sabzi, 2 gektarga yaqin yerda kartoshka yetishtirilayotgani elimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Mirishkor tomorqachilar qatorida Bahodir Badalov ham oʻziga tegishli 50 sotix yer maydonida yomgʻir suvini toʻplash orqali tomchilaab sugʻorish mexanizmini joriy qilib, dehqonchilikda yuqori natijalarga erishmoqda. Bu innovatsion tizim orqali 10,2 ming dollar qiymatga ega, sigʻimi 150 tonna boʻlgan suv rezervuari orqali 200 tonnadan oshiq yomgʻir suvi yigʻilib, bu orqali ekin yeri samarali sugʻorilmoqda.
Mavsumiga qarab xoʻjalikda yiliga 7,5 million dona pomidor, bodring va boshqa issiqxonada yetishtiriladigan koʻchatlar barqaror yetishtirilmoqda. Ayniqsa, loyiha doirasida bodring va koʻchat yetishtirish jarayoni samarali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu hudud aholisi uchun sifatli, sarxil mahsulotlar yetishtirish imkonini yaratadi.
Hozirgi kunda issiqxonada bodring, shuningdek, pomidor koʻchatlari ekib parvarishlanmoqda. Koʻchatchilik tarmogʻi ham hademay qizgʻin tus oladi. Muhimi, barqaror dehqonchilik faoliyati ortidan sadirlik yoshlardan 10 nafari aynan Bahodir Badalov issiqxona xoʻjaligidan oʻziga mos ish topgan. Bu ish oʻrinlari orqali esa mahallada oilaviy bandlik va tadbirkorlik ishi kengaymoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








