Kogon: kichik biznesda “Kogon mega Jasmin” MCHJning oʻz oʻrni bor
2026-01-15 17:10:00 / Yangiliklar

Qisqa vaqt ichida ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, zamonaviy tikuv uskunalarini joriy etish va mehnat samaradorligini oshirish hisobiga korxona bugungi kunda barqaror faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish subyektiga aylandi.
Hozirda “Kogon mega Jasmin” MCHJ mehnat jamoalari uchun korjomalar, ish kiyimlari tikib tayyorlashga ixtisoslashgan boʻlib, kuniga 20 donadan ortiq sifatli mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tayyorlanayotgan mahsulot ichki bozor talablarini qondirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, sifat va amaliy qulaylik jihatidan raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi. Bugunga kelib korxonada 10 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlangan. Ishchilarga oʻrtacha oylik ish haqi 2,5-3 million soʻm atrofida tayinlangan.
Korxonaning yillik sof daromadi esa 250 million soʻmdan ortiqni tashkil etib, bu kichik biznes subyekti sifatida moliyaviy barqarorlikka erishilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, mazkur loyiha hududda yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining daromad manbalarini kengaytirish va mahalliy iqtisodiyot rivojiga hissa qoʻshish borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanda bunday tadbirkorlik subyektlarining koʻpayishi davlat tomonidan yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar hamda tashabbuskor fuqarolarning mehnati samarasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







