Omsk innovatsion texnologiyalar zavodi (OmZIT) Buxoroda issiqlik taʼminoti sohasida mutaxassislar tayyorlaydi
2026-01-15 15:10:00 / Yangiliklar

Qayd etish lozimki, “Lavart” brendi ostida sanoat qozonlari va isitish tizimlari ishlab chiqaruvchi zavod 1997-yilda tashkil etilgan boʻlib, yuqori energosamaradorlikka ega texnologiyalar asosida faoliyat yuritadi. Zavodda robotlashtirilgan liniyalar, lazer kesish va avtomatik nazorat tizimlari oʻrnatilgan.
Ustav kapitali 31,4 million rubldan iborat zavodning oʻtgan yildagi tovar aylanmasi 1,81 milliard rublni tashkil etgan. Sof foyda 97,7 million rublga teng.
Omzit Oʻzbekistonda, jumladan, Buxoroda injinerlik markazi va ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilishni rejalashtirgan. Ayni shu maqsadda hozirda Omsk innovatsion texnologiyalar zavodi (OmZIT) bosh direktori oʻrinbosari Dmitriy Baxta va “Energomash” korxonasi ijrochi direktori Pavel Atramonov Buxoroda boʻlib turibdi.
Ular bugun viloyat hokimi Botir Zaripov qabulida boʻlishdi. Muloqotda Buxoro shahrida issiqlik taʼminoti sohasida kompetensiyalarni rivojlantirish boʻyicha muhandislik markazini tashkil etish, malakali kadrlar tayyorlash, energetika strategiyasini amalga oshirish doirasida taʼlimning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, sunʼiy intellektni joriy etish orqali qozonlarni boshqarish tizimlarini qayta jihozlashga qaratilgan innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha fikr almashildi.
Mehmonlar Buxoro davlat texnika universiteti, Buxoro shahar 1-son texnikumi, “Buxoroenergomarkaz” AJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, rejalashtirilgan loyihani amalga oshirish mexanizmlarini koʻrib chiqishdi.
Yakunda Omsk innovatsion texnologiyalar zavodi, Buxoro shahar hokimligi, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Buxoro shahar 1-son texnikumi oʻrtasida issiqlik taʼminoti sohasida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan muhandislik markazini tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









