Kogon shahri: ichki ishlar boʻlimi binosi mukammal taʼmirlanmoqda
2026-01-14 20:50:00 / Yangiliklar
Ikki oydirki, Kogon shahrida ham zamonaviy andozadagi ichki ishlar boʻlimi binosini mukammal taʼmirlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Binoni zamon talablari asosida qurish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlariga umumiy qiymati 2 milliard 292 million soʻmga yaqin mablagʻ ajratilgan.

Mazkur inshootni qayta koʻrkam qiyofaga keltirish ishlarini pudratchi “Sayyot invest loyiha” MCHJ binokorlari oʻz zimmalariga olishgan. Ayni kunda pudratchi jamoa ishchi-mutaxassislari tomonidan uch qavatli ichki ishlar boʻlimi binosi eshik-derazalar romlarini almashtirish, polini yangilash, fasad qismini pardozlash kabi ishlar bajarilmoqda. Taʼmirlash ishlari doirasida binoning ichki va tashqi qismi toʻliq yangilanmoqda.
Xususan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr taʼminoti, isitish va sovitish tizimlari zamonaviy talablarga mos ravishda qayta shay qilinmoqda. Shuningdek, xonalar dizayni yangilanib, ish jarayoni samaradorligini oshiruvchi qulay ish sharoitlari yaratilmoqda.
Yangicha dizayn asosida mukammal taʼmirlanayotgan va aholiga xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklarga ega binoda navbatchilikni oʻtash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron maʼlumotlar bazasini yuritish xonasi hamda xizmat xonalari mebel, qish-yoz tizimida ishlaydigan sovutish tizimlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan toʻliq jihozlanadi.
Ushbu maskanda taʼmirlash ishlari deyarli yakunlanib, pardozlash yumushlari bormoqda. Hademay, ichki ishlar boʻlimi binosi foydalanishga topshiriladi. Bunda shaxsiy tarkibning qirqqa yaqin xodimi barcha shart-sharoit, qulayliklarga ega binoda faoliyat yuritishi taʼminlanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









