“Oʻzbekkosmos” agentligi Buxoroda qishloq xoʻjaligi yerlarini kosmik monitoringini yuritishda hamkorlik qiladi
2026-01-14 19:35:00 / Yangiliklar

Bu loyiha masofaviy zondlash texnologiyalari, ilgʻor geoaxborot tizimi va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xoʻjaligi va yer resurslarini boshqarishning barqaror usullariga koʻmaklashib, maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tarqatishni yaxshilashga imkon yaratadi.
Ayni kunlarda “Oʻzbekkosmos” agentligi mutaxassislari, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro ekspertlardan iborat guruhlar viloyat va tumanlarda boʻlishib, hamkorlikka oid bitimlar tuzishmoqda. Jumladan, viloyatimizda qishloq xoʻjaligi iqtisodiy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligining muhim tarkibiy qismi boʻlib, asosan qishloq xoʻjaligi mahsuldorligiga tayanadi. Ammo iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi tufayli soʻnggi vaqtlarda kuzatilayotgan suv taqchilligi, hosildorlikka bevosita taʼsir koʻrsatayotgani ham mubolagʻa emas.
“Oʻzbekkosmos” agentligi departamenti boshligʻi Shavkatjon Ahmedov boshchiligidagi mutaxassislar bugun viloyat hokimi Botir Zaripov bilan muloqotda boʻlib, amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashishdi.
Qayd qilinganidek, endilikda hudud ekin yerlari meliorativ holati, yerni shudgorlash, oʻgʻit kiritib sugʻorish, boshqa agrotexnik tadbirlardan tortib mavjud bogʻ-tokzorlar, irrigatsiya inshootlari oʻtkazuvchanligi, hatto yerosti resurslari monitoringini toʻgʻri va innovatsion texnologiyalar vositasida kuzatish, monitoring qilish imkoniyati yaratilgan.
Qishloq xoʻjaligida asosan serhosil navlarga mansub paxta, gʻalla, shuningdek, pilla yetishtirishda tutzorlar plantatsiyalari, bogʻ-tokzorlar, sabzavot-poliz yetishtiriladigan yerlar monitoringini yuritish, xuddi shunday, viloyatda mavjud suv obyektlari (daryo, magistral kanal, zovurlar, suv omborlari, koʻllar) qirgʻoq boʻyi muhofaza mintaqasidagi yer maydonlarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino-inshootlar qurilishini aerokosmik monitoring orqali aniqlash va zarur choralarni koʻrish imkoniyati bor. Buning uchun joylarda malakali mutaxassislar ishtirokida koʻrgazmali amaliy oʻquvlarni tashkil etish, agentlik texnik imkoniyatlarini targʻib etish taqozo etiladi.
Mazkur loyihaning maqsadi viloyatimiz tumanlari koʻp tarmoqli agrar majmuasida kosmik texnologiyalar va geofazoviy maʼlumotlarning soʻnggi yutuqlaridan foydalanishda yordam berish hamda kosmik maʼlumotlar, mintaqaviy tajriba va zaxiralardan oʻz vaqtida foydalanishni osonlashtirishga qaratilgan. Yerni kuzatish yordamida qurgʻoqchilikni monitoring qilish haqidagi tushunchalarini chuqurlashtirish, hamkorlikdagi harakatlarni mustahkamlash va salohiyatni rivojlantirish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








