Kogon tumanida zamonaviy sport yakkakurashlari zali ochildi
2026-01-14 18:30:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda tatbiq etilgan 5 ta muhim tashabbusning biri boʻlgan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish yangicha tizimda amalga oshirilmoqda.

Barcha hududlarida, hatto eng olis qishloqlarda ham zamonaviy va foydalanish uchun qulay sport infratuzilmasi barpo etilmoqda.
Oʻtgan yilning oʻzida Buxoro viloyatida 30 dan ziyod sport maskanlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada sport bilan doimiy shugʻullanadiganlar soni ikki barobar koʻpaydi. Eng muhimi, yoshlarimiz orasida nufuzli sport musobaqalari, jahon chempionatlarining gʻolib va sovrindorlari yetishib chiqmoqda.
Mulohazalarimizni Kogon tumani misolida davom ettiradigan boʻlsak, yakunlangan yilda kogonlik 75 nafar yosh sportchilar respublika miqyosida oʻtkazilgan turli musobaqalarda gʻolib va sovrindorlar safidan joy olishdi. Shuningdek, 8 nafar sportchi Osiyo chempionati sovrindoriga aylandi. Yana 35 nafar iqtidor egalari esa turli xalqaro darajadagi turnirlarda shohsupadan oʻrin oldi. Hozirga kelib 27 nafar kogonlik yoshlar turli yoʻnalishlarda milliy terma jamoa aʼzosi hisoblanishadi.
Ayniqsa, hudud sport yakkakurashlari bilan shugʻullanuvchi safi tobora kengayib borayotgani ular uchun zamonaviy infratuzilma yaratishni taqozo etayotgan edi. Shuni inobatga olib, qolaversa, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash maqsadida sport yakkakurashlariga ixtisoslashgan zamonaviy sport zali qurib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur sport inshooti 1 mlrd 500 mln soʻm mablagʻ evaziga barpo qilindi. 600 mln soʻmlik zarur inventarlar bilan jihozlandi. Bu yerda sportning erkin, yunon-rum va milliy kurash yoʻnalishlari bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
12x30 metr oʻlchamdagi zamonaviy zalda 3 ta tatami gilami, oʻgʻil bolalar va qizlar uchun alohida kiyinish xonalari, murabbiylar va tibbiyot xonasi joylashgan. Zalda kuniga 200 nafargacha sportchi shugʻullanishi mumkin.
Endilikda mahalla yoshlari dzyudo sport turi bilan shugʻullanishi uchun uzoq masofa bosib yurishlari shart emas. Bu oʻz navbatida ota-onalar uchun ham qulay.
Zalning ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan viloyat va tuman hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutasaddilari, sport sohasi vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
Unda soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqalar mamlakatimizda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarda sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidlashdi.
Majmua yil davomida sportning turli yoʻnalishlari bilan shugʻullanish, viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalar oʻtkazish, yuksak malakali sportchilarni tayyorlash va eng asosiysi yoshlarimizni ommaviy sport turlariga keng jalb etishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









