Buxoro shahrida yangi dzyudo sport zali foydalanishga topshirildi
2026-01-14 16:25:00 / Yangiliklar

Ana shunday tashabbuslar doirasida Buxoro shahar 2-son sport maktabi hududida barpo etilgan zamonaviy dzyudo sport zalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va sportchi yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi yigʻilganlarni yangi inshoot ochilishi bilan qutladi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish, yosh iqtidorli sportchilarni kashf etish, ularning munosib mashgʻulotlar oʻtashlari uchun zamonaviy sport inshootlari barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Sport maktabi oʻquvchilari, qolaversa, mahalla yoshlariga sport bilan muntazam shugʻullanish imkoniyatini taqdim etayotgan yangi sport inshooti 1 milliard 850 million soʻm mablagʻ evaziga bunyod etilib, yoshlarimiz uchun barcha zamonaviy talablar hamda xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan sharoitlar bilan taʼminlandi.
12x30 metr oʻlchamdagi zamonaviy zalda 2 ta tatami gilami, oʻgʻil bolalar va qizlar uchun alohida kiyinish xonalari, murabbiylar xonasi va dzyudo sport klubining ofisi joylashgan. Zalda kuniga 200 nafargacha sportchi shugʻullanishi mumkin.
Endilikda mahalla yoshlari dzyudo sport turi bilan shugʻullanishi uchun uzoq masofa bosib yurishlari shart emas. Bu oʻz navbatida ota-onalar uchun ham qulay.
Myehmonlar sport zalida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Maʼlumot oʻrnida, bugungi kunda sport maktabida 71 nafar malakali trener faoliyat yuritib, ular qoʻl ostida jami 2 159 nafar sportchi, jumladan, 436 nafar qizlar muntazam mashgʻulot olib bormoqda.
Maktabda 27 ta sport turi boʻyicha mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilgan. Sportchilarning mehnati va fidoyiligi yuqori natijalar bilan oʻz ifodasini topmoqda. Xususan, 2025 yil davomida sport maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan jami 520 ta medal qoʻlga kiritildi.
Shuningdek, 178 nafar sportchi sport razryadlariga ega boʻldi, 6 nafar sportchi esa faxrli sport unvonlarini qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, sport maktabining iqtidorli sportchilari “Olimpiya choʻqqilari” musobaqasining ryespublika bosqichida munosib ishtirok etib,
Buxoro sport maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









