Shofirkonlik oila Umra ziyorati uchun yigʻib yurgan qariyb 70 million soʻm mablagʻini qishlogʻidagi koʻprik taʼmiriga sarfladi
2026-01-12 20:05:00 / Yangiliklar

“Bogʻiafzal” mahalla fuqarolar yigʻinidagi bir oilaning saxovatpeshalik bilan amalga oshirgan ishi koʻpchilik uchun haqiqiy ibratdir. Shu mahallada umrguzaronlik qilayotgan Jamila Oʻrinova hamda Saʼdulla Rahimovlar 2025-yilda Umra ziyorati uchun yigʻib yurgan qariyb 70 million soʻm mablagʻlarini qishloqdoshlari manfaatiga yoʻnaltirishni afzal koʻrdilar.
Bu sarmoya evaziga Bogʻiafzal, Pashmon, Jilvon hamda Sharof Rashidov mahallalarini oʻzaro bogʻlovchi koʻprik, shuningdek, Soʻfiyon qishlogʻida joylashgan koʻprik toʻliq taʼmirlanib, ularga qoʻshimcha beton plitalar yotqizildi. Koʻpriklar kengaytirilib, yoʻl qismi asfaltlashtirildi. Quvonarlisi, bugunga kelib bu koʻpriklardan oʻnlab xonadon ahli xavfsiz va qulay foydalanmoqda.
Oila sohibi uzoq yillar qurilish sohasida faoliyat yuritgan, xonadon bekasi esa umrini farzandlar tarbiyasiga bagʻishlagan. Balki aynan shu hayotiy tajriba ularni savobni faqat safarda emas, xizmatda koʻrishga, xayrli maqsadga undagandir.
Azaldan yoʻl solib koʻprik qurgan, suv keltirgan elda aziz sanalgan. Ayni kunda 6 nafar farzand, 5 nafar qiz va 1 nafar oʻgʻilni “oq yuvib, oq tarab”, voyaga yetkazib uyli-joyli qilgan, xuddi shunday, 11 nafar nevaraning quvonchi bilan umrguzaronlik qilayotgan bir oilaning ezgu amali, hayotiy qarori koʻpchilikning hurmat-eʼtiborini qozondi. Koʻnglida qishloqdoshlari uchun begʻaraz, beminnat xizmatdan boʻlak ilinji boʻlmagan xonadon sohiblari iymanib aytgan gaplari shu boʻldi: “muqaddas safar oilamizning koʻp yillik orzusi edi, ammo yoʻl va koʻpriklar taʼmiri oʻnlab yurtdoshlarimizning kundalik tashvishi ekanligi bilan oilamiz orzu-havasidan ustunlik qildi. Qishloqdoshlarimizga manfaat keltirganimizdan juda xursandmiz”.
Shu birgina xayrli voqea bizga yana bir oddiy haqiqatni eslatadi. Taʼbir joiz boʻlsa, Bogʻiafzalda qurilgan bu koʻpriklar nafaqat temir-beton, balki chin ixlos, vijdon va iymon ustiga qurilgan koʻpriklardir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






