Qorakoʻl: Saʼdullayevlar issiqxonasi qishda ham yashnab, ogʻilxonasidan barakaga erishilmoqda
2026-01-10 15:30:00 / Yangiliklar

“Yangi turmush” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Xayrullo Saʼdullayev ham tomorqa yeridan samarali foydalanib, issiqxona xoʻjaligi, qolaversa, chorva mollari va parrandachilikni uygʻun holda rivojlantirib, oilasi modiy ehtiyojlarini oʻz mehnati va tinib-tinchimasligi tufayli qoplamoqda.
Xususan, xonadon egasi hovli etagidagi 8 sotixdan iborat tomorqasida har biri 1 sotixdan iborat ikkita ixcham issiqxona barpo etib, qishki mavsumda ham hosil yetishtirishni kanda qilmaydi. Oila aʼzolari koʻmagida erta bahordan tomorqasida kartoshka, pomidor, bulgʻor qalampiri, loviya, oshqovoq, baqlajon kabilarni yetishtirib, roʻzgʻor ehtiyoji uchun jamgʻarsa, kuz oylarida sholgʻom, lavlagi, sabzi kabilar bilan birgalikda issiqxonasida sarimsoqpiyoz, ismaloq, kashnich, shivit va koʻkpiyoz kabi rezavor, koʻkatlar yetishtirib, qoʻshimcha daromadga ega boʻlmoqda. Albatta, ehtiyojdan ortgan mahsulot mahalladoshlar dasturxoniga tortiq qilinmoqda.
Xayrullo Saʼdullayevning taʼkidlashicha, issiqxona faoliyatidan qoʻlga kiritilayotgan daromad hisobidan ogʻilxona ishi ham rivojlantirilmoqda. Ayni paytda xonadonda sigir-buzoq, boʻrdoqiga novvos boqilayotgani barobarida, alohida qafas tayyorlab, parvarishlanayotgan tovuq soni 100 boshga yetkazilibdi. Har kuni sigirdan oʻrtacha 8–10 litr sut sogʻib olinayotgan boʻlsa, tovuqlardan bir kunda 80 ta atrofida tuxum olinayotgani daromad manbaidir. Shundan kunlik peshona teri evaziga qariyb 300 ming soʻm daromad qoʻlga kiritilmoqda.
Xonadon sohibi Xayrullo Saʼdullayev oila aʼzolari bilan hamjihatlikda ayni paytda parranda parvarishini uy xoʻjaligida sanoat usulida tashkil etish, tuxum yoʻnalishidagi parranda sonini 1 ming boshga yetkazish harakatiga tushgan. Albatta, bunday tashabbuslar tomorqadan unumli foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatdan unumli foydalanib, turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









