Vobkent: "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida "Sudyalar bogʻi" barpo qilinmoqda
2026-01-03 11:05:00 / Yangiliklar

Aytish joizki, kech kuz faslida tumanda jami 578 ming tup atrofida daraxt koʻchati oʻtqazilib, parvarish qilinmoqda. Mahalliy hokimlik, prokuratura, tibbiyot birlashmasi, yoshlar agentligi, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi va boshqa ijtimoiy soha inshootlari, mehnat jamoalari oʻz hududida uyushqoqlik bilan koʻchat oʻtqazib, bogʻ barpo etishga kirishgan.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda aholining tabiatga nisbatan masʼuliyatini oshirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda taʼlim muassasalarida, mahallalarda, korxonalarda va keng jamoatchilik oʻrtasida ekologik targʻibot-tashviqot ishlari kuchaytirilmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi yil bayrami oldidan Buxoro viloyati sudi tashabbusi bilan "Sudyalar bogʻi" tashkil etishga kirishildi. Nihol oʻtqazish hasharida viloyat, tumanlararo, shahar-tumanlar sudlarining 60 nafardan ziyod sudya va sud xodimlari, tuman hokimligi, prokuraturasi masʼullari ishtirok etdilar. Koʻkalamzorlashtirish ishlarida bogʻdorchilikda ilmi bor agronom mutaxassislar tavsiya, koʻrsatmalari olinib, mahalliy tuproq va iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxt koʻchatlari turi, navlari aniqlandi. Shu kuni tadbirda jami 300 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt koʻchati oʻtqazilib, parvarishiga eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









