Qorakoʻl: Yangi yilda tumanlararo perenatal markazi binosi foydalanishga topshirildi
2026-01-02 18:10:00 / Yangiliklar
Yangi yil bayrami munosabati bilan Qorakoʻl tuman tibbiyot birlashmasi huzuridagi tumanlararo perenatal markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu voqea tuman aholisiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, ona va bola salomatligini mustahkamlashga qaratilgan eʼtiborning amaldagi ifodasidir. Ochilish marosimida tuman hokimligi, tibbiyot birlashmasi masʼullari, mehnat faxriylari ishtirok etdilar.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik haqida toʻxtalib, soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan saʼy-harakat tufayli tibbiyot muassasalari moddiy-texnik imkoniyatlari yaxshilanayotgani, tibbiyot xodimlari mehnati munosib ragʻbatlantirilayotganini alohida taʼkidladilar. Bugun yaratilayotgan qulay ish sharoitlari, barpo qilinayotgan zamonaviy tibbiyot muassasalari, uskuna va jihozlar tibbiyot xodimlariga davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash samarasidir.
Shundan soʻng yangi bino ramziy lentasi qirqilib, yigʻilganlar perenatal markazda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. Ikki qavatli, zamonaviy talablar asosida qurilgan bino toʻliq jihozlangan boʻlib, yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Inshoot ikki qavatdan iborat boʻlib, zarur inventarlar, tibbiy uskunalar bilan jihozlangan.
Markazda 5 ta zal, UZI xonasi, bemorlar maxsus xonasi, ogʻir bemorlar uchun shok-palata, tugʻruq zali, shifokorlar xonasi, 2 ta jarrohlik amaliyoti xonasi, har birida 4 nafardan bemor oʻrniga ega 3 ta jarrohlik amaliyotidan keyingi xonalar, dori vositalari saqlanadigan xonalar tashkil etilgan.
Mazkur loyiha uchun qariyb 4 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, nafaqat Qorakoʻl, balki Olot, Jondor va boshqa tumanlar aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan perenatal markazi operatsiya zallari zamonaviy “Mindray” rusumidagi tibbiy apparatlar bilan taʼminlangan. Shuningdek, “Osiyo taraqqiyot banki” krediti asosida xarid qilingan 6 turdagi zamonaviy tibbiy texnik vositalar onalar va chaqaloqlar salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








