Qorakoʻl: yangi yildan "Poykent"da zamonaviy poliklinika ish boshlamoqda
2025-12-30 20:40:00 / Yangiliklar

Endilikda aholi ana shu shinam binoda oʻz salomatligini tajribali shifokor va hamshiralar yordamida tiklash imkoniga ega boʻlmoqda. Poliklinikaning yangi binosida keng va yorugʻ xonalar, ayollar, bolalar hamda keksalar uchun alohida qabul boʻlimlari, shuningdek, stomatologiya, laboratoriya va kunduzgi statsionar xonalari shay qilingan.
Ayni paytda muassasa kundalik quvvati 100 qatnovga moʻljallangan boʻlib, bu yerda 5 turdagi mutaxassis, 8 nafar shifokor, 8 nafar patronaj hamshirasi, jami oʻttizdan oshiq tibbiyot xodimi aholiga xizmat koʻrsatmoqda.
Tibbiyot poliklinikasi ochilish marosimida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar. Taʼkidlanganidek, ayni kunda mahalliy aholi sogʻligʻi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va keksalar salomatligini muhofaza qilish, ularni sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlashda tibbiyot poliklinikasi oʻrni va ahamiyati katta.
Shu bilan birga, har bir fuqaroning sogʻlom turmush tarziga amal qilishi, sport bilan shugʻullanishi, toʻgʻri va sogʻlom ovqatlanishiga eʼtibor qaratishi turli kasalliklar oldini olishda muhim sanaladi. Bu borada muassasa tibbiyot jamoasi bor kuch va imkoniyatini ishga soladi.
Poliklinika ramziy alvon lentasi qirqilgach, yigʻilganlar unda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. Talab darajasida jihozlangan tibbiyot poliklinikasining ishga tushirilishi nafaqat hudud aholisini, balki qoʻshni hududlarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari uchun ham qulaylik yaratmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








