Vobkent: musiqa va sanʼat maktabining 50 yillik yubileyi yangi binoda tantana qilindi
2025-12-30 19:20:00 / Yangiliklar

Tumanda madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 8-sonli musiqa va sanʼat maktabi pedagog jamoasining oʻz tajriba maktabi, muvaffaqiyatlar yoʻli bor, albatta.
Taʼlim maskani 1975-yilda tashkil topgan boʻlib, ayni kunda oʻzining 50 yillik yubileyini nishonlamoqda. Yarim asr davomida bu sanʼat va musiqa dargohi oʻnlab, yuzlab yosh isteʼdodlarni yetishtirib chiqargan boʻlsa, ular yillar davomida xalqimiz boy madaniy va musiqa merosini avloddan avlodga yetkazishda kamarbasta boʻlmoqdalar. Bugunga kelib dargohda 33 nafar oliy maʼlumotli mutaxassis oʻqituvchi tomonidan 275 nafar oʻquvchiga sanʼat sirlari puxta oʻrgatib kelinmoqda.
Yangi yil bayrami oldidan taʼlim maskani jamoasi yangidan barpo qilingan 100 oʻrinli binosiga ega boʻldi. Inshoot ochilish marosimida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, madaniyat boʻlimi masuʼllari, maktab jamoasi va yoshlar ishtirok etishdi.
Joriy yilda musiqa va sanʼat maktabi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va zarur jihoz, inventarlar bilan taʼminlash maqsadida “Tashabbusli byudjet” loyihasining 1,5 milliard soʻm mablagʻi hisobidan 100 oʻrinli yangi bino barpo qilingan boʻlsa, tuman hokimligi tashabbusi bilan 70 million soʻm evaziga moddiy texnika bazasi mustahkamlandi.
Viloyat hokimligi mabuot xizmati









