"Mehrli maktab" o‘quvchilariga "Prezident sovg‘asi" topshirildi
2025-12-30 10:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Adilov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Zoyirov, sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari “Mehrli maktab”dagi o‘g‘il-qizlarga ham Prezidentimizning sovg‘alarini taqdim etib, bolajonlarga quvonch va bayramona kayfiyat ulashildi.
Ta’kidlash lozimki, “Mehrli maktab” bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida uzoq muddat davolanayotgan bolalarning ta’lim jarayonidan uzilib qolmasligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
“Mehrli maktab” infratuzilmasi o‘ziga xos tibbiy talablarni hisobga olgan holda yaratilgan, maktab gipoallergen uskunalar, mebel va texnika bilan jihozlangan. Ta’lim jarayonida raqamlashtirilgan darsliklardan foydalaniladi.
Muassasada o‘quv mashg‘ulotlari bolalarning sog‘lig‘i holati, shifokorlar tavsiyalari hamda individual ehtiyojlari inobatga olingan holda olib boriladi.
Mazkur ezgu tashabbus davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘lib, bolalarning ruhiy qo‘llab-quvvatlanishi, bilim olishga bo‘lgan qiziqishi hamda kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








