Bayram tuhfasi: Buxoroda mamlakatdagi toʻrtinchi zamonaviy qilichbozlik markazi ochildi
2025-12-29 16:35:00 / Yangiliklar

Umumiy qiymati 2,2 milliard soʻmni tashkil etgan ushbu loyiha doirasida 20x40 metr oʻlchamdagi, barcha zaruriy infratuzilma bilan taʼminlangan zamonaviy sport majmuasi barpo etildi.
Mashgʻulotlar oʻtish uchun qilichbozlar uchun 8 ta maxsus yoʻlakcha oʻrnatildi va jihozlandi. Umuman, mazkur sport zalida sportchilar uchun zarur barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratildi. Bu esa ularning professional darajada shugʻullanishiga keng imkoniyat ochib berdi.
Inshootning tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar qilichbozlik kabi noyob va intellektual sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va professional sportchilarni tayyorlashda ushbu zal muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlashdi. Bu joy yangi iqtidorlar, Osiyo, jahon va Olimpiya chempionlarini yetishtirib chiqarish bazasiga aylanishiga ishonch bildirildi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunga qadar mamlakatimizda jahon standartlariga javob beradigan qilichbozlik sporti saroyi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahrida va Andijon viloyatida faoliyat koʻrsatar edi. Buxorodagi markaz esa toʻrtinchi qilichbozlik markazi sifatida faoliyat boshlagani bilan ham ahamiyatlidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






