“Jongeldi”da ham bayramona kayfiyat hukmron
2025-12-28 22:50:00 / Yangiliklar

“Jongeldi”da yashovchi mahalliy aholi vakillari uchun hozirda 3 ta umumtaʼlim maktabi, 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 10 oʻringa moʻljallangan zamonaviy qishloq uchastka kasalxonasi, ijtimoiy dorixona faoliyat koʻrsatmoqda. “Jongeldi”dagi 24-sonli umumtaʼlim maktabida 85 nafar, “Safron”dagi 27-sonli taʼlim dargohida 40 nafar, “Qalʼa Ota”dagi 25-sonli maktabda esa 27 nafar oʻquvchi oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Oʻndan ortiq tibbiyot xodimi xizmat koʻrsatayotgan “Jongeldi” qishloq uchastkasi va uning 2 ta hududdagi shaxobchasida aholi salomatligiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 50 nafardan ortiq bolajonni oʻz bagʻriga olgan 33-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotining “Safron” va “Qalʼa Ota”da ham filiallari bor.
Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar “Jongeldi” ovulida ham boʻlishib, aholining ijtimoiy muhofazasi, ijtimoiy soha inshootlari faoliyati, moddiy texnik imkoniyatlar, qolaversa, hudud infratuzilmasiga doir loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Aytish joizki, choʻlquvarlar ovulidagilar uchun keyingi yillarda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari shay qilinib, elektr energiyasi, yoʻl, issiqlik tizimi, isteʼmolga yaroqli toza ichimlik suvi, suyultirilgan gaz taʼminoti, suvoqava tarmogʻini qurish va talab darajasida taʼminlash ishlari bajarildi. Mavjud muassasalar taʼmirlandi. Zamonaviy bolalar maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Shuningdek, savdo va xizmat koʻrsatish shaxobchalari barpo etilib, aholining kundalik zaruriy ehtiyojlari qondirilmoqda. Albatta, ovulda boʻlayotgan bu kabi oʻzgarish va yangilanishlar choʻlquvar yurtdoshlarimiz oilalari moddiy manfaatdorligi va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Birgina misol, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tarmogʻini olsak, ovul poliklinikasini qurish va jihozlashga byudjet hisobidan 3,8 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, zamon talabiga javob beradigan inshootning muhandislik–kommunikatsiya tarmogʻi, yaʼni, muqobil isitish qozonxonasi, elektr energiyasi va toza suv taʼminoti shay holga keltirilgan.
Botir Zaripov ovuldagi aholi turmush tarzi, maktablar, tibbiyot muassasalari, bolalar bogʻchalari moddiy-texnik imkoniyatlari, “mahalla yettiligi” faoliyati, aholining murojaatlariga alohida eʼtibor qaratdi.
Mutasaddilar hududdagi 27-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlarning bayram dasturida ishtirok etishdi.
Shuningdek, muassasa faoliyati, uning moddiy-texnik imkoniyati, energiya–issiqlik taʼminoti yaqindan oʻrganildi. 24-umumtaʼlim maktabida hudud aholisi va yoshlar uchun bayram dasturi tashkil etildi. Oʻquvchilarga Yangi yil sovgʻalari ulashildi.
Shu kuni hudu aholisi uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari, viloyatning eng malakali mutaxassislari ishtirokida tibbiy koʻrik tashkil etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








