Qorakoʻlda 12 nafar bolajonning sunnat toʻyi nishonlandi
2025-12-27 22:30:00 / Yangiliklar
Yurtimizda katta tantana va shukuh bilan nishonlanayotgan Yangi yil bayrami kunlarida Vatan ravnaqi, xalq farovonligi uchun qilinayotgan amaliy ishlar nafaqat iqtisodiy sohada, balki maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishlarda ham oʻz ifodasini topmoqda.

Shu munosabat bilan, Qorakoʻl tumanida ham yangi 2026-yil kirib kelishi munosabati bilan qator xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida hududda umrguzaronlik qilayotgan ehtiyojmand, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar farzandlaridan 12 nafarining sunnat toʻyi marosimi tashkil qilindi.
“Inson qadri uchun” ezgu tamoyilining amaliy ifodasi sifatida chekka tumani markazidagi “Muhabbat qasri” tantanalar majmuasi 12 nafar jajji oʻgʻilning sunnat toʻyi tantanasiga mezbonlik qildi. Bu xayrli tadbir bolajonlar va ularning oilalari uchun unutilmas quvonchli onlarga boy boʻldi.
Tantanada soʻzga chiqqan tuman hokimligi, Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi mutasaddilari, saxovatpesha tadbirkorlar toʻybolalar va ular yaqinlarini samimiy muborakbod etib, kichkintoylar sogʻlom, bilimli va barkamol boʻlib ulgʻayib, kelgusida Vatanimiz ravnaqi yoʻlida sidqidildan xizmat qiladigan munosib farzandlar boʻlib voyaga yetishlariga katta ishonch bildirdilar.
Tadbir davomida toʻy bolalarining har biriga bosh-oyoq sarupo, velosiped hamda yangi yil sovgʻalari topshirildi. Bu esa jajji bolajonlarning yuzlarida quvonch, qalblarida esa cheksiz shodlik uygʻotdi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan keksa, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, farovon hayot, barkamol avlod vakillari — ertamiz egalariga baxt-saodat tilab duoga qoʻl ochdilar.
Tantanada xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, jozibali raqslar, qorbobo va qorqizning Yanggi yil sovgʻalari bayramona kayfiyatni yanada koʻtarib, bolajonlar qalbiga zavq-shavq bagʻishladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









