Kogon: “Geofizika” mahallasida Muzaffar Ostonov tengdoshlariga ibrat
2025-12-23 14:00:00 / Yangiliklar
Ayni kunda mahalla va qishloqlarda ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ularning bandligini taʼminlash hamda oʻz biznesini boshlashiga koʻmaklashish maqsadida tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishda Kogon tumanidagi “Geofizika” mahalla fuqarolar yigʻinida ham yaxshi tajriba toʻplangan.

Ana shunday eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatdan samarali foydalanib, ayni kunda mahallada sartaroshlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan Muzaffar Ostonov oʻz faoliyatini barqaror yuritmoqda. Holbuki, u bir muddat chet elda, myehnat migratsiyasida boʻlib, mehnatu mashaqqatni koʻrgan, musofirlikdan qaytgach, mahallada oʻz layoqatiga mos ish topib, tirikchilik qilishni boshladi.
Qisqa vaqt ichida oʻz mijozlariga ega boʻlgan yosh sartarosh hozirda kuniga oʻrtacha 300-400 ming soʻm daromad topmoqda. Muhimi, u nafaqat oʻziga daromadli ish topdi, balki shogird yoshlarni kasbga oʻrgatib, bandligini taʼminlamoqda. Hozir yosh sartarosh bir nechta shogirdiga ish oʻrgatmoqda.
Bu kabi tashabbuslar yoshlar ijtimoiy faolligini oshirish, ularni foydali mehnatga jalb etish, shuningdek, mahallalarda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega, albatta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



