Qorakoʻl: Ibrohim Azimov ham qoʻziqorin, ham issiqxonada mahsulot yetishtirmoqda
2025-12-19 19:50:00 / Yangiliklar

— Hokimning mahallamizdagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida “Xalq banki” tuman filialidan imtiyozli tartibda 33 million soʻm kredit mablagʻini olib, evaziga xonadonimizda qoʻziqorin yetishtirishni yoʻlga qoʻydik. Hozirda qoʻziqorinning “veshenka” navidan yetishtiryapmiz, — deydi Ibrohim Azimov. — Bu nav juda foydali va oqsilga boy boʻlib, bozorda xaridorlari ham koʻp. Bir oyda toʻliq pishib yetiladigan bu qoʻziqorin urugʻini ikki kilogramli sheluxa solingan qopga joylab parvarishlansa, bir oydan soʻng shu qopchadan 10 kilogramgacha hosil olish mumkin. Afzallik tomoni, uni yil davomida yetishtirib, daromad olsa boʻladi, mavsum tanlamaydi.
Azimovlar oila aʼzolari 5 metrga 3,5 metr oʻlchamdagi xonaga peshtaxtalar oʻrnatib, ularga terilgan polietilen qopchalarda qoʻziqorin yetishtirishni boshlashgan. Tansiq mahsulot sifatida ayni paytda qoʻziqorinning bir kilogrami narxi bozorlarimizda oʻrtacha 40 ming soʻm atrofida boʻlsa, bundan Ibrohim Azimovning erishayotgan daromadini chamalash qiyin emas.
Qorongʻi va salqin xonada yetishtirilayotgan, polietilen qopchalarni yorib chiqib boʻy koʻrsatayotgan qoʻziqorindan bir yilgi mavsumda oʻrtacha 4-5-marta hosil yetishtirish, bundan mehnatga yarasha foyda koʻrish mumkin. Yarim sotixda boshlangan “veshenka” yoki ”shampinyon” naviga mansub qoʻziqorin yetishtirishdan xomaki moʻljalga binoan 30 million soʻmga yetkazib daromad olish imkoniyati allaqachon tajribada sinalgan. Ayni yangi yil bayrami oldidan oʻzgacha uslubda, qayta ishlangan chigit sheluxasida yetishtirilayotgan xaridorbop qoʻziqoringa talab ham yuqori.
Bundan tashqari, Ibrohim aka tomorqa yerida peshma-pesh hosil yetishtirib, issiqxona ham tashkil qilgan. Farzandlari koʻmagida bu yerda pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, sarimsoqpiyoz va turli koʻkatlar yetishtirishni yoʻlga qoʻygan. Oʻtgan yilgi mavsumda maydoni 16 sotixdan iborat issiqxonasidan ikki marta hosil olgan, moddiy manfaatdorlikni esa qariyb 300 million soʻmga yetkazgan.
Ibrohim Azimovning koʻp yillik ish tajribasidan xulosa qilinsa, har bir xonadon yoki uy xoʻjaligida yuqoridagi kabi halol mehnat qilib, daroomadga yetishish mumkin. Har bir qarich yerga mehr bilan yondashib, qoʻziqorin, pomidor, bodring yetishtirish orqali nafaqat oʻz xonadoni, balki mahalladoshlari dasturxonini taʼminlashga hissa qoʻshish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









