Peshku: “Navgahon”da un ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi
2025-12-19 19:45:00 / Yangiliklar

“Navgahon” mahalla fuqarolar yigʻinida donni qayta ishlash korxonasi, zamonaviy tegirmon ishga tushganiga yaqinda ikki oy toʻladi. “Kamola Ruslan omad” deb nomlangan mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyati uning tashabbuskori Rahmatullo Jamolovning bir necha yillik mehnati mahsuli, biznes loyihasi.
Mahalliy tadbirkor dastlab oila aʼzolari bilan birgalikda qishloqda tashlandiq yotgan yer maydonidan auksion tartibida qariyb yarim gektar, yaʼni 46 sotix yerni oʻz tasarrufiga olib, bu maydonni obodonlashtirib, ombor va sex qurilishini boshlagan. Buning uchun umumiy qiymati 2,5 milliard soʻm atrofida sarmoya sarflangan boʻlsa, shundan 400 million soʻmi “Aloqabank” tuman filiali imtiyozli kredit mablagʻi.
Yuqori mahsuldor Xitoy texnologiyasi, zamonaviy rusumdagi tegirmon bilan jihozlangan korxonada bir oyda 400 tonnagacha, bir yilda 4000 tonna atrofida bugʻdoyni qayta ishlash, un sifatida qadoqlash imkoniyati yaratilgan. Ayni kunda 6 nafar ishchisiga ega korxona tomonidan bir oyda 2 milliard soʻm, bir yilda esa 20 milliard soʻm moddiy qiymatidagi, 1-navli un mahsuloti aholi dasturxoniga yetkazilmoqda. Tegirmon ishchi-mutaxassislariga esa 4-5 million soʻmdan oylik maosh tayinlangan.
“Kamola Ruslan omad” MCHJ ning “Barkamol” yorligʻi bilan qadoqlanayotgan un mahsuloti mahalliy xom ashyo asosida ishlab chiqarilib, Peshku va qoʻshni tumanlardagi fermer xoʻjaliklarida yetishtirilgan sara bugʻdoy mahsuli hisoblanadi. Bunda ishlab chiqarish jarayoni va tayyorlanayotgan mahsulot sifati sanitariya-gigiyena talablariga toʻla javob beradi. Qolaversa, zamonaviy tegirmondan har oyda chiqayotgan 100 tonnadan oshiq kepak mahsuloti hududda chorvachilik bilan shugʻullanayotgan xoʻjalik va aholi xonadonlariga yetkazilmoqda.
Shu kunlarda tadbirkor Rahmatullo Jamolov ishlab chiqarish va mahsuldorlikni oshirish, mahalliy xom ashyo bilan birga, Qozogʻiston respublikasidan bugʻdoy kiritish, ichki bozorda importga boʻlgan talabni qisqartirish, aholiga sifatli va raqobatbardosh un yetkazib berish harakatida.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






