Qorakoʻl: Ruslan Shahriyev avtomobillarga gʻilof, toʻshamalar tikish sexini yuritmoqda
2025-12-19 14:25:00 / Yangiliklar

Ruslan Shahriyev koʻpdan buyon oʻylab yurgan rejasini amalga oshirish uchun hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida tijorat bankidan 33 million soʻm kredit mablagʻini olib, avtomobillar uchun gʻilof va toʻshamalar tayyorlash faoliyatini yoʻlga qoʻyganiga koʻp boʻlmadi. Ammo kundalik ish tigʻizligi, buyurtmalari soni oshib borayotgani bu tashabbusni “oqlamoqda”. Tikib tayyorlanayotgan gʻilof, toʻshamalar bejirim, pishiqligi bilan xaridorlar eʼtiborini qozonib, mehnatga yarasha barqaror daromad manbaiga aylandi. Birgina sexning bir oylik moddiy manfaatdorligi 30 million soʻmdan oshmoqda.
Yosh usta yigit tadbirkorligi faqat shunda emas, eskirgan mebellarni taʼmirlash, ularni zamonaviy dizayn asosida yangilab berish xizmati ham koʻrsatib kelmoqda. Eʼtiborlisi, Ruslan Shahriyev oʻz tajribasini yoshlar bilan baham koʻrib, hozirda 4 nafar yoshni “ustoz-shogird” anʼanasi asosida kasb-hunarli qilmoqda. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish, kelgusida manfaatli mehnat faoliyatini boshlashlari uchun bu qulay imkoniyat, albatta. Qolaversa, bugun bozor talab va taklifi asosida mehnat qilayotgan tadbirkorlar har jihatdan muvaffaqiyatga erishayotganini aynan Ruslan Shahriyev oilaviy tadbirkorligi misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




