Qorakoʻl tumani: “Yashil makon” loyihasi doirasida Dargʻabogʻida intensiv bogʻ barpo etilmoqda
2025-12-17 20:45:00 / Yangiliklar

Jumladan, Qorakoʻl tumanining "Qorahoji", "Qoraun", "Mallaishayx", "Chovli", "Sayyot", "Ziyorat", "Chandirobod", "Qozon" kabi 13 ta hududi va ulardagi fermer xoʻjaliklarida yuqoridagi kabi saʼy-harakat uyushqoqlik bilan davom ettirilayotganini koʻrish mumkin.
Shu kunlarda tumanda “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida hududdagi fermer xoʻjaliklarining 95 gektar dala chetida 70 ming tup, xuddi shunday, kanallar, sugʻorish va drenaj tarmoqlari atrofidagi 46 gektar yer maydonida 36 ming tup mevali va manzarali daraxt niholini oʻtqazib parvarishlash harakatigsha kirishilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirish va ekologik muhitni yaxshilash, qolaversa, oilaviy daromad manbaini yaratish maqsadida "Dargʻabogʻi" mahallasida yashovchi tashabbuskor Xayriddin Rahimov ham yarim gektardan ortiq tomorqasida 700 tup mevali koʻchat oʻtqazib, intensiv bogʻ barpo etishga kirishgan. Bogʻda hudud iqlimiga mos, serhosil, bozorbop meva daraxtlari niholi oʻtqazilib, agrotexnik talablar asosida parvarish qilinmoqda.
Rahimovlar oila aʼzolari bu tashabbusi hududda “Yashil makon” loyihasi asosiy maqsadi—atrof-muhit va ekologiyani yaxshilash, aholi bandligini taʼminlash, tomorqa yer maydonlaridan unumli foydalanishda boshqalarga ibrat—namunadir. Chekka tuman fermerlari ayni kunlarda tajribali mutaxassislar tavsiyalari asosida oʻz dala maydonlarining chetlariga shuningdek, boʻsh qolgan ariq boʻylariga mahalliy iqlim sharoitiga mos daraxt koʻchatlarini oʻtqazishga kirishganlar.
Bu borada viloyatning chekka tumanida paxta va gʻallachilikda faoliyat yuritayotgan 250 taga yaqin fermer xoʻjaligi dala atroflarida jami 2 million tupdan oshiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish va parvarishlash ishlari uyushqoqlik bilan bormoqda. Shundan 1 million 463 tup tut va 731 ming tup tok koʻchati oʻtqazishga taʼminotchi subyekt, fermer xoʻjaliklari, qolaversa, pilla yetishtiruvchi xoʻjaliklari bilan birga dala-dehqonchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan tomorqa egalari jalb qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati


