Kogon tumani: kelgusi yil hosili uchun 9 ming gektar yer maydoni chuqur shudgor qilinmoqda
2025-12-17 19:20:00 / Yangiliklar

Bu borada Kogon tumanidagi fermer xoʻjaliklari, agroklaster korxonalari tasarrufida boʻlgan, umumiy uzunligi 700 kilometrdan iborat ichki tarmoq ariqlari suv oʻtkazuvchanligini yaxshilash, oʻzanlarni betonlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, yer unumdorligini oshirish, erta bahorgi ekin mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish doirasida chuqur shudgorlash ishlari ham alohida diqqat-eʼtiborda.
Yakunlanayotgan yilda kogonlik paxtakor mirishkorlar, tumanda paxtachilikka ixtisoslashgan 6 ming 400 gektar maydonda mahalliy va xorijiy navlar ekilib, barakali hosil yetishtirildi. Fermer xoʻjaliklari taʼminotchi-buyurtmachi sifatida “Buxoro agroklaster” va “Bahor Chenj” paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan hosil yetishtirishga doir tuzgan shartnomalariga muvofiq, “oq oltin” xirmoniga 26 ming tonnadan ortiq qimmatbaho sanoat xom ashyosi tayyorlab topshirilgani katta yutuq, albatta. Endilikda bor kuch va imkoniyat kelgusi yil hosili uchun puxta taraddud koʻrish, ekin yerini chuqur shudgorlashga qaratilgan.
Mazkur ishlarni sifatli va oʻz muddatida bajarish uchun tumanda 42 ta zamonaviy, yuqori unumdor qishloq xoʻjaligi texnikalari jalb etildi. Hisob-kitobga koʻra, joriy mavsumda jami 9 ming gektar yer maydonini chuqur shudgor qilish ishlari jadal boshlangan boʻlib, ayni kunga qadar 7 ming 580 gektar yer maydoni shudgor qilinib, bu boradagi ishning asosiy qismi bajarilgan.
Mutaxassislar fikricha, chuqur shudgorlash tuproq meliorativ holatini yaxshilash, namlikni saqlash, begona oʻtlar va zararli hasharotlarga qarshi kurashish, mineral oʻgʻitlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Kyelgusi vegetatsiya davrida ekinning sogʻlom rivojlanib, hosildorlik oshishida qishki agrotexnik tadbirlarning oʻrni beqiyos. Ayni paytda tumanning barcha hududida agrotexnik tadbir, chuqur shudgorlash ishlari izchil olib borilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







