Botir Zaripovga “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni berildi
2025-12-16 21:25:00 / Yangiliklar

Viloyatda maktablarni moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularda zamonaviy taʼlim olish uchun sharoitlarni yaratish, maktablar sport zallarini zaruriy sport inventarlari, tibbiyot xonalari, kompyuter texnikalari bilan taʼminlash doimiy tarzda amalga oshirilmoqda.
Birgina joriy yilning oʻzida viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi 99 ta maktabgacha va 201 ta maktab, jami 300 ta taʼlim muassasalarida qurilish-taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlari olib borildi. Ushbu ishlar uchun jami 1 trillion 200 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.
Keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari natijasida maktabgacha taʼlim tizimi uchun 8 000 ta, maktab taʼlimi uchun 24 000 taga yaqin bola va oʻquvchi oʻrinlari yaratildi.
Xususan, ssuda mexanizmi asosida 81,9 mlrd soʻm mablagʻ hisobiga 25 ta bolalar bogʻchasi, 14 ta maktabda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Ayniqsa, bolalar bogʻchasi umuman mavjud boʻlmagan 15 ta mahallada 120-240 oʻrinli bolalar bogʻchasi, sport zaliga ega boʻlmagan 10 ta maktabda sport zallari qurib foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, taʼlim muassasalarini inklyuziv taʼlim muhitiga tayyorlash, taʼlim muassasalarida kuzatuv kameralarni oʻrnatish, maktablarning chaqiruvga qadar sinf xonalarini tayyorlash, “Jasorat maktab”larini tashkil etish kabi ishlar uchun mahalliy byudjetdan 2 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Taʼlim muassasalarini qurilish-taʼmirlash hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlardan tashqari, iqtidorli oʻquvchi-yoshlarni qoʻllab-quvvatlash orqali ularning salmogʻini oshirish, bu borada fidoiylik koʻrsatayotgan ustoz-oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish, ularni xorijiy davlatlarda malakasini oshirish borasida ham mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan birgina joriy yilning oʻzida 1,2 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilganligini taʼkidlash lozim.
Buxoro viloyatida taʼlimga qaratilayotgan ushbu yuksak eʼtibor natijasini buxorolik oʻquvchilarning respublika va xalqaro fan olimpiyadalarida qoʻlga kiritayotgan yutuqlarida koʻrishimiz mumkin.
Misol uchun, 2025-yilda oʻtkazilgan xalqaro fan olimpiyadalarida 34 nafar oʻquvchilar gʻolib va sovrindorlikni qoʻlga kiritib, oʻtgan yilga nisbatan 12 nafarga koʻpaygan.
Shuningdek, joriy yilda maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirishda oʻrtacha 96,4 ball bilan respublikada peshqadam hisoblanadi.
Shularni inobatga olib, viloyat hokimi taʼlim sohasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining oʻrinbosari Azizbek Turdiyev soʻzga chiqib, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov tomonidan taʼlim sohasiga qaratilgan eʼtibor, xususan, mahalliy hokimlik mablagʻlari hisobidan umumtaʼlim maktablarida amalga oshirilgan ishlardagi tashabbusi va xizmatlarini alohida eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida Botir Zaripov berilgan eʼtibordan ruhlanib, bundan buyon ham yoshlarimizning taʼlim-tarbiyasi yoʻlidagi beminnat xizmatlarini davom ettirishini, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ogʻishmay ish tutishini bildirdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









