Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” Romitanda ham munosib nishonlandi
2025-12-12 21:30:00 / Yangiliklar
Mana, yana bir yilimiz yakuniga yetmoqda. Qish fasli boʻlishiga qaramasdan, dalada dehqon hali tingani yoʻq. Uning toʻrt faslga mos mehnati, zimmasidagi yumushi, masʼuliyati bor. Mazkur haftada yurtimizda 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi shodiyonalari bilan birga, dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni” va anʼanaviy “Hosil bayrami” keng nishonlanmoqda.

Jumladan, Romitan tumanida ham erta tongdan “Sherdor” tantanalar saroyida agrar soha zahmatkashlari kasb bayrami munosabati bilan “Hosil toʻyi” boʻlib oʻtdi.
Tantanada eʼtirof qilinganidek, joriy yil tuman qishloq xoʻjaligi barcha tarmoqlarida yuqori hosildorlikka erishildi. Jumladan, 9300 gektar maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo—46 ming tonnadan koʻproq paxta hosili yetishtirildi. Bu hosilni tez surʼatda va sifatli saranjomlab olish maqsadida 255 ta terim otryadi shakllantirilib, ularga 16 mingdan oshiq hasharchi-terimchi jalb qilingani oʻz samarasini berdi.
Tantanada eʼtirof qilinganidek, joriy yil tuman qishloq xoʻjaligi barcha tarmoqlarida yuqori hosildorlikka erishildi. Jumladan, 9300 gektar maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo—46 ming tonnadan koʻproq paxta hosili yetishtirildi. Bu hosilni tez surʼatda va sifatli saranjomlab olish maqsadida 255 ta terim otryadi shakllantirilib, ularga 16 mingdan oshiq hasharchi-terimchi jalb qilingani oʻz samarasini berdi.
Gʻallachilikda ham romitanlik dehqon mirishkorlarning koʻp yillik tajriba maktabi shakllangan. Shu yil hududdagi 382 ta fermer xoʻjaligi tomonidan serhosil navlarga mansub, umumiy hisobda 19,5 tonnaga yetkazib sara gʻalla xirmoni yaratildi. Bu jabhada yalpi hosildorlik 80 sentnerdan oshirilgani katta yutuq, albatta.
“Hosil toʻyi” tadbirida soʻz olgan viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Asqad Javodov agrar tarmoqda erishilayotgan ulkan yutuqlarga munosib hissa qoʻshayotgan romitanlik dala mehnatkashlari, zahmatkash dehqon fermerlar va ular jamoalarini samimiy tabrikladi. Joriy yil qishloq xoʻjaligida salmoqli, samarali boʻlganini taʼkidlab, paxta, gʻalla va pillachilikda yaxshi natijalarga erishilgani, meva-sabzavotchilikdagi yutuqlar, alohida qayd qilindi.
Tantanali marosimda nihoyalangan dehqonchilik yilida tuman qishloq xoʻjaligiga munosib hissasini qoʻshgan, fidokorona mehnat qilayotgan fermerlar, dehqon va tomorqa xoʻjaligi egalari, saxovatpesha chorvadorlar, zahmatkash pillakorlar, dalada peshona terini toʻkkan mexanizator va suvchilar, ilgʻor terimchi va ortyad rahbarlari, dehqonchilik, chorvachilik, pillachilik, irrigatsiya va melioratsiya, urugʻchilik va seleksionerlik, oʻsimliklar va hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashda jonbozlik koʻrsatgan mutaxassislar mehnati ulugʻlandi.
Soha fidoiylari sifatida bir guruh qishloq xoʻjaligi xodimlariga "Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi", "Ilgʻor fermer", "Namunali tomorqachi", "Mehnatkash dehqon" koʻkrak nishonlari, tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Muhtasham toʻyxonaga tashrif buyurgan soha vakillari, dala mehnatkashlari uchun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, el suygan sanʼatkor Yulduz Turdiyeva diltortar kuy-qoʻshiqlari bilan barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Hosil bayrami munosabati bilan xalq oʻyinlaridan oʻzbek milliy kurashi bellashuvlari tashqil qilingani sportsevarlarni befarq qoldirmadi. Murosasiz kurashda viloyat polvonlari, yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mahoratli kurashchi yigitlar ishtirok etdilar.
Shu kuni erta tongida tuman hokimligi tashabbusi bilan ikki doshqozonda milliy taomlarimizdan halim pishirilib, ehtiyojmand oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tarqatildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








