Qorakoʻldagi "hosil bayrami"da ilgʻor terimchiga "Damas" berildi
2025-12-12 19:15:00 / Yangiliklar

Har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlab kelinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan Qorakoʻl tumanida ham rizq-roʻzimiz bunyodkorlari—mirishkor dehqon fermerlar, zahmatkash chorvador, pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan mexanizator va agronomlar, sohaning jonkuyar olimlari va mutaxassislari “Hosil toʻyi”ni tantana qildilar.
Nihoyasiga yetayotgan yilda olis tumanda qishloq xoʻjaligida erishilgan muvaffaqiyatlarga toʻxtalsak, sohada fidokorona mehnat qilayotgan, qadoq qoʻli va fidoiy qalb egalari hissasi bilan dastlabki mehnat mahsuli, koʻzlanganidan ziyod, yaʼni 5705 quti ipak qurtidan 348 tonnaga yetkazib “kumush tola” yetishtirildi. Bunda hududdagi 4 mingdan ortiq oilaviy zveno va kasanachilar, jumladan, Ziyoda Adizova, Gulrabo Hasanova, Margʻuba Husenova, Dilrabo Kamolova, Hilola Qurbonova, Zuhra Sherqulova, Bodomgul Joʻraqulova, Zuhra Omonova, Iroda Ochilova, Dilrabo Oltiyeva singari tajribali, peshqadm pillakorlarning jonbozligi bor.
Joriy yilda gʻallachilik tarmogʻida hududdagi 225 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 6034 gektar maydonda serhosil navlarga mansub rizq-roʻz manbai yaratildi. Mashaqqatli mehnat evaziga yalpi bugʻdoy xirmoni qariyb 50 ming tonnaga yetkazilgan boʻlsa, har bir gektar hosildorligi oʻrtacha 75 sentnerni tashkil etdi. Tayyorlangan sara gʻallaning 17 ming tonnadan ortigʻi davlatga sotilgan boʻlsa, qolgan 33 ming tonnasi fermer xoʻjaliklari mehnat jamoalari moddiy manfaatdorligiga sarflanmoqda.
Gʻallachilik sohasida ayniqsa “Oydinoy Olim Oybek”, “Paxtakor Fidokor”, “Asliddin Obod zamini”, “Barhayot Parmonobod”, “Yashin”, “Toʻyxon momo”, “Askar Hamro Hakimboy”, “Ozod Shaxob”, “Oʻrin Shoxibek Jahon”, “Qorakoʻl Islomjon Rahmon” hamda “Davron bobo saxovati” kabi fermer xoʻjaliklari erishgan yutuqlari alohida eʼtirofga loyiq.
Shu yil tumanda paxtachilik yoʻnalishida 239 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 8 ming 100 gektar maydonda serhosil navlarga mansub chigit ekilib, belgilangan 36 ming tonna oʻrniga 39 ming tonnaga yaqin “oq oltin” xirmoni bunyod qilindi. Mavsum davomida terimchilar yordamida 28 500 tonnaga yaqin hosil yigʻishtirib olingan boʻlsa, qolgani zamonaviy paxta terish agregatlari vositasida saranjomlandi.
Ayniqsa, “Samad Beshim”, “Olim Vali Fayz”, “Sharofiddin Obod paxtakor”, “Muhammadali Hasanov”, “Ozodbek Ravshanov”, “Farangiz”, “Boboqul Onda”, “Dilmurod-74”, “Durmuhammad Bekmurod kulol”, “Bobo dehqon”, “Mullo Qilich bobo”, “Hotamboy ota Nuroniy”, “Barhayot Yuldosh paxtakor” kabi fermer xoʻjaliklari paxtadan 60-65 sentnergacha hosil olib, boshqalarga ibrat boʻldilar.
Bulardan tashqari, joriy yil chekka tumanda aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlash maqsadida meva-sabzavot, goʻsht, sut, tuxum, baliq, asal, qorakoʻl teri va jun yetishtirish boʻyicha belgilangan reja-topshiriqlar ham ortigʻi bilan ado etilgani zamirida dehqon-fermer xoʻjaliklari ishchi kuchi, tajribali tomorqa yer egalarining zahmatli mehnati bor, albatta.
Yuqoridagi yutuqlardan ruhlangan qorakoʻllik dehqon mirishkorlar bugun tuman markaziy oʻyingohida “Hosil bayrami”ni keng nishonladilar. Viloyat va tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, qishloq xoʻjaligiga doir korxona-tashkilotlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari mehnat jamoalari, yoshlar yigʻilgan maskan oʻyin-kulguga toʻldi.
"Hosil bayrami" tantanasida agrar tarmoqda ishlayotgan ilgʻorlar, xususan paxta yigʻim-terimida fidoyilik koʻrsatganlar alohida eʼtirof etildi. Qishloq xoʻjaligining fidoyi vakillari, dala mehnatkashlariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Darvoqe, shu yil paxta yigʻim-terimi oldidan tumanda fermer xoʻjaliklariga yordamga chiqqan terimchilar oʻrtasida tanlov eʼlon qilinib, “oq oltin” xirmoniga eng koʻp hissa qoʻshadigan mohir teruvchiga "Damas" avtomashinasi vaʼda qilingandi. Mirzaqalʼa mahallasida yashovchi Mehrigul Boltayeva ana shunday yuqori natijani koʻrsatib, mavsum oxirigacha xirmonga 3 tonnadan oshirib hosil terib topshirib, bu bahsda birinchi boʻldi. U “Hosil toʻyi”da oila aʼzolari bilan birgalikda tuman hokimi Xurshid Tohirov qoʻlidan "Damas" avtomashinasini qabul qilib oldi.
Tuman madaniyat boʻlimi badiiy havaskorlik jamoasi, shuningdek, taniqli estrada xonandasi Sevinch Ismoilovaning konsert dasturi tantanada yigʻilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









