Qorovulbozorlik dehqon-fermerlarning hosil bayrami uloq koʻpkariga ulandi
2025-12-09 19:25:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun, shuningdek, har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlab kelinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan Qorovulbozor tumanida ham rizq-roʻzimiz bunyodkorlari—mirishkor dehqon fermerlar, zahmatkash chorvador, pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlar, agrar sohaning jonkuyar olim va mutaxassislari “Hosil toʻyi”ni katta tantana qildilar. Bu bayram nafaqat zahmatli mehnat, halol peshona teri samarasi, balki fayz-baraka, birdamlik va moʻl-koʻllik ramzidir.
Bayram tadbirida qatnashgan viloyat hokimi Botir Zaripov qorovulbozorlik dehqon, fermerlar, tomorqa yer egalari, agrar soha fidoyilarini qishloq xoʻjaligida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy muborakbod etdi.
Eʼtirof qilinganidek, joriy yilda choʻlquvarlar zaminida 45 ming tonnadan ortiq sara bugʻdoy yetishtirilib, shundan 16 ming tonna gʻalla davlatga topshirilgan boʻlsa, 29 ming tonnaga yaqin rizq-roʻz manbai xoʻjaliklar moddiy ehtiyojlariga sarflandi. Bu haqda gapirganda, hududda gʻalladan yuqori hosildorlikka erishgan “Istiqlol”, “Amir Amon”, “Xushnudbek zamini”, “Zarafshon Nurafshon”, “Zokir Shokir” kabi fermer xoʻjaliklarini alohida qayd etish joiz.
Agrar sohaning yana bir muhim tarmogʻi – paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda qorovulbozorlik mirishkorlar 17 ming tonna, oʻtgan yilga nisbatan 3 ming tonna koʻp sanoat xom ashyosi “oq oltin” yetishtirishni uddaladilar. Aytish joizki, joriy yil tumanga 6 ta zamonaviy rusumli paxta terish mashinasi olib kelinib, yigʻim-terimda hosilningn 60 foizi paxta terish agregatlarida saranjomlandi.
Har gektar hosildorligi oʻrtacha 44 sentnerni tashkil etgan boʻlsa, bu mavsumda terimchilar 27,5 milliard soʻmdan oshiq moddiy manfaatdorlikka erishdilar. Paxtachilikda ulkan xirmonni yaratishga salmoqli hissa qoʻshgan “Shomurod Jahongir”, “Sayfullo”, “Axtam Davron”, “Dildora”, “Rustam Doston”, “Musliddin” kabi fermer xoʻjaliklari boshqalarga namuna boʻlishmoqda.
Koʻpni koʻrgan, dehqonchilikda yer bilan “tillashib, dardlashib” yashaydigan qorovulbozorlik dehqon, fermerlar murakkab iqlim sharoitida nafaqat gʻallachilik va paxtachilikda, balki boshqa jabhalarda ham omilkorlik bilan, boy bilim va tajribasi, ilm-fan yutuqlarini ishga solib, moʻl hosil yetishtirishga muvaffaq boʻlishmoqda. Aholi soni oshib borayotgan tumanda joriy yil davomida 5 ming 700 tonna goʻsht, 54 million dona tuxum, qolaversa, 134 tonna baliq yetishtirilgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Mahsuldorlik hajmi kengayib borayotgani barobarida hududda qishloq xoʻjaligi eksport hajmi yil sayin koʻpaymoqda. Buni yil davomida qariyb 2 ming tonna, qiymati 1 million 700 ming dollariga teng meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinganida ham koʻrish mumkin. Hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli dehqon, fermerlarimiz, qishloq xoʻjaligi fidoyilari bundan buyon ham aholi farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdek gʻoyat masʼuliyatli vazifani ado etishda butun kuch-gʻayrat va imkoniyatlarini safarbar etadilar.
Hosil toʻyi munosabati bilan tuman markazidagi “Yoshlar bogʻi”da viloyat va tuman mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, qishloq xoʻjaligiga doir korxona-tashkilotlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari mehnat jamoalari, yoshlar yigʻilgan maskan oʻyin-kulguga toʻldi. Tantanada agrar tarmoqda ishlayotgan ilgʻorlar, xususan, gʻalla oʻrimi, paxta yigʻim-terimida fidoyilik koʻrsatganlar alohida eʼtirof etildi, qishloq xoʻjaligining fidoyi vakillariga qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Shu kuni Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga qarashli maydonda koʻpkari-uloq musobaqasi tashkil etilgani hosil bayrami dovrugʻini yon-atrofdagi tumanlarga, qoʻshni Qashqadaryo, Navoiy viloyatlarigacha yoydi. Mardlar maydoni, murosasiz bahslarda oʻnlab chavandoz oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazdi.
Tantanada Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Ravshan Komilov hamda xushovoz estrada xonandasi Sevinch Ismoilovalarning kuy-qoʻshiqlari bilan ishtirok etishgani qorovulbozorliklarga bayram kayfiyatini ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









